Homilador yoki uch yoshgacha farzandi bor pedagog ayollar majburiy attestatsiyaga jalb qilinmaydi. Biroq bu holat ularning ixtiyoriy (navbatdan tashqari) attestatsiyada qatnashishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablariga asosan, pedagoglar ikki turdagi — majburiy va ixtiyoriy (navbatdan tashqari) shaklda attestatsiyadan oʻtkaziladi.
Bunda:
- homilador ayollar (homilador boʻlgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida);
- homiladorlik va tugʻish hamda bolani parvarish qilish taʼtillarida boʻlgan ayollar (taʼtilda boʻlgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida);
- uch yoshgacha bolalari bor ayollar majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi.
Eʼtibor qaratish lozimki, yuqorida keltirilgan toifadagi pedagoglar faqat majburiy attestatsiyaga jalb qilinmaydi, ixtiyoriy attestatsiyada qatnashish istagidagi barcha pedagog ayollar sinovlarda qatnashish uchun oʻrnatilgan tartibda ariza berishlari mumkin.
Amaldagi tartibga koʻra, malaka toifasini oshirish uchun oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, attestatsiyadan oʻta olmagan pedagog kadrlarning:
- malaka toifasi tushirilmaydi va ularga amalda boʻlgan malaka toifasi boʻyicha;
- sinov natijalariga koʻra malaka toifasi oshirilgan pedagoglarga oshirilgan malaka toifasi boʻyicha haq toʻlanadi.
Avvalroq, navbatdan tashqari attestatsiya va kasbiy sertifikat sinovlarida ishtirok etish uchun to‘lov miqdori 50 foizga kamaytirilgani haqida xabar berilgandi.
