Navoiy viloyatida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab ‘‘yashil’’ iqtisodiyot uchun malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlaydigan texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Unda energiya samaradorligi, resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish va ekologik madaniyat yo‘nalishlarida zamonaviy ko‘nikmalar shakllantiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2026-yil 25-martdagi PQ–110-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyatida “yashil” texnikum faoliyati tashkil etiladi.
Hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, Navoiy viloyati “yashil” texnikumining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, pedagoglarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun Green University, budjetdan tashqari mablag‘lar hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishga ruxsat beriladi.
Texnikumda “yashil” iqtisodiyot uchun malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash, o‘quvchilarda energiya samaradorligi, resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish va ekologik madaniyat ko‘nikmalarini shakllantirish yo‘lga qo‘yiladi.
Ta’lim jarayonida “Yashil” texnologiyalarni joriy etgan korxona va tashkilotlar bilan dual ta’lim asosida hamkorlik qilinadi hamda o‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyotlari tashkil etiladi. Shuningdek, soha korxonalari mutaxassislari, oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilari hamda xorijiy mutaxassislar jalb etiladi.
Texnikumga umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat granti va to‘lov kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi hamda o‘quv jarayoni boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari asosida tashkil etiladi.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab texnikumda “yashil” iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab esa texnikumda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish choralari ko‘riladi.
Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yili uchun texnikumga abituriyentlarni davlat granti va to’lov-kontrakt asosida o’qishga qabul qilish muddatini 2026 yil 1-oktabrga qadar uzaytirilgan.
Texnikumda ichki va tashqi mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqib, zamonaviy kasblar bo‘yicha qisqa muddatli kurslar va qo‘shimcha kompetensiyalarni o‘zlashtirish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, texnikum faoliyatini tashkil etish uchun Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Do‘rmon” MFY, Yangihayot ko‘chasi, 1-uy manzilidagi bino va inshootlardan bepul foydalanish huquqi asosida joy ajratilishi belgilangan.
Avvalroq, Surxondaryoda ham sobiq kollej negizida yangi texnikum tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.
