Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab ta’lim va qabul jarayonlari bosqichma-bosqich o‘zgartiriladi. Jumladan, ayrim IIV akademik litseylari o‘quvchilari uchun yakuniy suhbatlarsiz o‘qishga kirish, IT yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun esa “2+2” dasturi asosida Akademiyada o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Prezidentning 2026-yil 26-avgustdagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlash tizimini transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–303-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Ichki ishlar vazirligining Fargʻona, Jizzax, Toshkent va Surxondaryo mintaqaviy oʻquv markazlari yuridik shaxs maqomini saqlab qolgan holda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti (Institut)ning Fargʻona, Jizzax, Toshkent va Surxondaryo filiali (filiallar) sifatida qayta tashkil etiladi.
Bunda 2027-yil 1-yanvardan tashkil etilayotgan filiallar boshliqlari, xodimlari va oʻqituvchilari uchun tegishlicha Institut boshligʻi oʻrinbosari, xodimlari va oʻqituvchilari lavozimlariga belgilangan pul taʼminoti tartibi va miqdorlari qoʻllanadi.
Institutning Nukus filiali kasbiy tayyorgarlik fakulteti Malaka oshirish instituti Nukus filialining Serjantlar tayyorlash markazi sifatida qayta tashkil etiladi.
Vazirlik va idoralarning harbiylashtirilgan va qorovullik qoʻriqlash boʻlinmalari mutaxassislarini Institut va uning filiallarida oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida (1 nafar tinglovchi uchun 1 akademik soatga BHMning 12 foizi miqdorida) amalga oshiriladi.
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligi akademiyasi taʼlim jarayoni bosqichma-bosqich dunyoning top–1000 talik reytingga kirgan universitetlari hamda “Yangi Oʻzbekiston” universiteti tajribasi asosida quyidagi tartibda tubdan takomillashtiriladi:
— akademiyada “taʼlim – tadqiqot – amaliyot” integratsiyasini taʼminlash hamda kadrlar tayyorlash tizimini ilgʻor xalqaro akademik modellar asosida tashkil etish maqsadida maktablar (school) tizimi joriy etiladi;
— akademiya fakultetlari va kafedralari maqbullashtirilib, ular negizida maktablar va shoʻbalar tashkil etiladi.
Shuningdek, 2026/2027 oʻquv yilidan Akademiyaga oʻqishga qabul qilish tartibi va kadrlar tayyorlash jarayoniga quyidagi mexanizmlar joriy etiladi.
Vazirlik, respublika va xalqaro miqyosdagi xakaton hamda startap loyihalari gʻolibi boʻlgan Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari oʻquvchilari Akademiya bakalavriati taʼlim yoʻnalishining kunduzgi taʼlim shakliga dastlabki va maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng belgilangan qabul kvotalari doirasida oʻqishga yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz qabul qilinadi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi oliy taʼlim tashkilotlarining 2-bosqichini tamomlagan talabalar Akademiya bakalavriati taʼlim yoʻnalishining kunduzgi taʼlim shaklidagi Yurisprudensiya (“Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish”) yoʻnalishiga “2+2” dasturi (davlat granti) asosida maqsadli tanlov orqali oʻqishga qabul qilinishi mumkin.
Taʼlim jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi va kursantlar 1-kursdan boshlab Ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmatlari hamda hududiy boʻlinmalariga biriktiriladi. Bunda bitiruvchi kurs kursantlariga oʻqishni yakunlaguniga qadar “katta serjant” maxsus unvoni beriladi.
Shuningdek, taʼlim dasturini oʻzlashtirmaganligi uchun kursantlar safidan chetlashtirilgan shaxslar ichki ishlar organlari tegishincha safdorlar yoki serjantlar tarkibidagi lavozimlarda xizmatni oʻtashga yoʻnaltiriladi hamda ularga 1-yildan 3-yilgacha muddatda qayta tiklanish imkoniyati yaratiladi.
Har yili professor-oʻqituvchilar, ilmiy-pedagogik va oʻquv-uslubiy tarkibdagi xodim (xizmatchi)larning kamida 50 nafari “Yangi Oʻzbekiston” universitetida malaka oshirishi (stajirovka oʻtashi), shuningdek, 30 nafarini xorijiy taʼlim tashkilotlariga maqsadli malaka oshirishga yuborish tizimi joriy etiladi.
