Prezident farmoni bilan O‘zbekistondagi yirik oliy ta’lim muassasalari bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi. Bu orqali OTMlarga xususiy investorlarni jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Prezidentning 2026-yil 28-avgustdagi «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-177-son Farmoni bilan, xususiylashtirish dasturi doirasida 84 ta xo‘jalik jamiyatidagi davlat ulushlari, 1 242 ta ko‘chmas mulk obyekti hamda tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadlari uchun qariyb 8 ming gektar yer uchastkalari savdoga chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Davlat OTMlari xususiylashtiriladi
Farmonga ko‘ra, yirik davlat oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich tijoratlashtirish nazarda tutilgan. Bu orqali oliygohlarga xususiy investorlar va moliyaviy vositalarni jalb etish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini ham bosqichma-bosqich tijoratlashtirish belgilanmoqda.
Shuningdek, davlat ishtirokidagi 85 ta korxona tugatiladi yoki qayta tashkil etiladi. Avval sotilmagan 84 ta aktiv esa boshlang‘ich narxi 1 million so‘m etib belgilanib, qayta auksionga chiqariladi.
Savdoga chiqariladigan aktivlarning umumiy qiymati 100 trillion so‘mni tashkil etadi. Ularni realizatsiya qilishdan yil yakuniga qadar kamida 14 trillion so‘m tushum olish kutilmoqda.
Farmonda tadbirkorlar uchun davlat aktivlarini xarid qilish shartlari ham yengillashtirilgan. Jumladan, avans to‘lovi 35 foizdan 15 foizga tushiriladi, qolgan mablag‘ni esa foiz hisoblanmagan holda bosqichma-bosqich to‘lash imkoniyati beriladi.
Aktiv qiymatini olti oy ichida to‘liq to‘lagan xaridorlarga 25 foiz chegirma beriladi. Shuningdek, aktiv qiymatining 35 foizini uch oy ichida to‘lash sharti bilan qolgan mablag‘ni 5 yilgacha, 50 foizini olti oy ichida to‘lash sharti bilan esa 7 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.
Aktiv uch oy davomida sotilmagan taqdirda, uning narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qo‘llaniladi. Ayrim hollarda esa narxni avval pasaytirish, keyin oshirishni nazarda tutuvchi «gibrid auksion» mexanizmi joriy etiladi.
Yangi mexanizmlar davlat ishtirokidagi tijorat banklari balansidagi aktivlarni realizatsiya qilishda ham qo‘llanilishi mumkin.
Avvalroq nodavlat OTM rektorlariga ham davlat OTM rektorlari kabi malaka talablari qo‘yilishi ma’lum qilingan edi.
