PISA 2025: O‘zbekistonda o‘quvchilar maktabda raqamli qurilmalardan kuniga 3 soatdan ortiq foydalanadi

PISA 2025: O‘zbekistonda o‘quvchilar maktabda raqamli qurilmalardan kuniga 3 soatdan ortiq foydalanadi

PISA 2025 tadqiqoti doirasida o‘quvchilarning maktabdagi raqamli qurilmalardan foydalanishiga oid ma’lumotlar e’lon qilindi.

 

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi 15 yoshli o‘quvchilar maktabda raqamli qurilmalardan bir kunda o‘rtacha 3 soatdan ortiq foydalanadi.

 

Shundan qariyb 2,5 soati ta’limiy faoliyatga, ya’ni dars jarayoni, topshiriqlarni bajarish, ma’lumot izlash va boshqa o‘quv maqsadlariga to‘g‘ri keladi. Yana qariyb 1 soat qurilmalardan bo‘sh vaqt va ko‘ngilochar maqsadlarda foydalanishga sarflanadi.

 

Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston PISA 2025da qatnashgan ko‘plab davlatlardan yuqoriroq o‘rinda qayd etilgan.

 

Taqqoslash uchun, OECD mamlakatlarida o‘quvchilarning maktabdagi raqamli qurilmalardan foydalanish vaqti o‘rtacha 2,8 soat atrofida bo‘lib, uning qariyb 1,7 soati ta’limiy faoliyatga, 1,1 soati esa bo‘sh vaqtga to‘g‘ri keladi.

 

Shu jihatdan O‘zbekistonda maktabdagi raqamli qurilmalardan foydalanishning asosiy qismi aynan ta’limiy maqsadlarga yo‘naltirilgani ko‘rinadi.

 

PISA 2025: O‘zbekistonda o‘quvchilar maktabda raqamli qurilmalardan kuniga 3 soatdan ortiq foydalanadi
ta’limga ajratiladigan vaqtlar statistikasi (soatlarda)

 

PISA tahlillarida esa raqamli vositalardan foydalanishning o‘zi yuqori ta’lim natijasini kafolatlamasligi qayd etiladi. Bunda qurilmadan qancha vaqt foydalanishdan ko‘ra, undan qanday maqsadda va qanchalik samarali foydalanish muhim omil hisoblanadi.

 

Shuningdek, maktabda raqamli qurilmalardan ko‘ngilochar maqsadlarda haddan tashqari ko‘p foydalanish o‘quvchilarning diqqati va o‘quv natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

 

Ma’lumot uchun: PISA — Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan o‘tkaziladigan xalqaro tadqiqot bo‘lib, unda 15 yoshli o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalari, shuningdek, ularning ta’lim muhiti bilan bog‘liq omillar o‘rganiladi.