1-dekabrdan gid-tarjimonlarga malaka sertifikati cheklanmagan muddatga beriladi

1-dekabrdan gid-tarjimonlarga malaka sertifikati cheklanmagan muddatga beriladi

2026-yil 1-dekabrdan gidlarga ularning xohishiga ko‘ra havaskor, ixtisoslashgan va professional malaka toifalari beriladi. Buning uchun Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti vakolatli etib belgilanadi.

 

Hukumatning 2026-yil 4-sentyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasida ekskursiya xizmatlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 468-son qarori qabul qilindi.

 

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-dekabrdan Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutiga gidlarga (gid-tarjimonlarga) ularning xohishiga ko‘ra havaskor, ixtisoslashgan va professional malaka toifasini berish vakolati beriladi.

 

Shuningdek, malaka sertifikati cheklanmagan muddatga beriladi. Gid sifatida so‘nggi ikki yil davomida faoliyat yuritmagan shaxslar esa malaka imtihonini qayta topshiradi.

 

Gidlarga qanday malaka toifalari beriladi?

 

Qaror bilan “Gidlarga (gid-tarjimonlarga) malaka toifasini berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom ham tasdiqlandi.

 

Nizomga ko‘ra, malaka toifasi ixtiyoriy asosda beriladi. Uning mavjud emasligi gidlarga qonunchilikda belgilangan tartibda olingan malaka sertifikati asosida faoliyat yuritish huquqini cheklamaydi.

 

Gidlarga (gid-tarjimonlarga) quyidagi malaka toifalari beriladi:

 

  • havaskor gid;
  • ixtisoslashgan gid;
  • professional gid;
  • “Oltin fond” gidi.

 

Malaka toifasini berishda gidning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalari, ekskursiya xizmatlarini tashkil etish va o‘tkazish mahorati, ekskursiya obyektlari bo‘yicha bilim darajasi, turistlar bilan muloqot madaniyati, xorijiy tillarni bilish darajasi hamda kasb etikasi qoidalariga rioya qilishi inobatga olinadi.

 

Kasbiy imtihon natijalarining eng kam ko‘rsatkichi quyidagicha belgilanadi:

 

  • 56 foizdan 70 foizgacha — havaskor gid;
  • 70 foizdan 85 foizgacha — ixtisoslashgan gid;
  • 86 foizdan 100 foizgacha — professional gid.

 

Avvalroq, endi tibbiyot xodimlari malaka oshirish uchun ta’lim shakli va muassasani mustaqil tanlashi haqida xabar berilgandi.