Hindistonda talaba yillar davomida chiqindilar bilan ifloslangan Ajnar daryosini olti oy davomida hech qanday hukumat yordamisiz yolg‘iz o‘zi tozaladi. U oddiy sachok va chelaklar yordamida tonnalab chiqindilarni olib tashlab, daryoning suvini qayta tiniqlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Hindistonning Bihar shtatida sodir bo‘lgan voqea atrof-muhitni o‘zgartirish uchun milliardlab mablag‘ yoki og‘ir texnikalar shart emasligini ko‘rsatdi. Buning uchun istak va qat’iyatning o‘zi kifoya.
2026-yilning 26-yanvar kuni 20 yoshli talaba Bittu Tabahi yillar davomida chiqindilar bilan ifloslanib kelgan Ajnar daryosini yolg‘iz o‘zi tozalashga kirishgan. Mahalliy aholi iflos suv, zaharli yashil suv o‘tlari va qirg‘oqlardagi plastik chiqindilar uyumlariga allaqachon ko‘nikib qolgan. Biroq yosh talaba bunday holat endi davom etmasligi kerak, degan qarorga kelgan.
Talaba qo‘liga sachok va chelaklarni olib, ishni boshlagan. Kunma-kun o‘z kuchi bilan tonnalab maishiy chiqindilarni suvdan olib chiqib, to‘planib qolgan iflosliklarni tozalagan. Zaharli o‘simliklardan xalos qilgan. Bu ish bir necha oylik mashaqqatli mehnatni talab qilgan.
Sachok — bu asosan baliq tutish, kapalak va boshqa hasharotlarni ovlash yoki hovuz yuzasidagi chiqindilarni tozalash uchun mo‘ljallangan, dasta va to‘rdan iborat bo‘lgan maxsus moslama.
BELTA nashri The Indian Express’ga tayanib xabar berishicha, Bittu ishining boshidanoq jarayonning har bir bosqichini videoga yozib borgan. U videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylab, obunachilariga daryoning o‘zgarishini kuzatish imkonini bergan. Dastlab natijalar sezilarsizdek tuyulgan, biroq olti oy o‘tgach, suv haqiqatan ham tiniqlasha boshlab, chiqindilar esa yo‘qolgan.
Oddiy talabaning bu tashabbusi internet foydalanuvchilarini ilhomlantirib, uning videolari jami o‘nlab million marta tomosha qilingan.
Avvalroq, Qozog‘istonda 6-sinf o‘quvchisi chiqindilardan milliy libosdagi qozoq qizi siymosini yaratgani haqida xabar berilgandi.

