O‘zbekistonlik talabalar uchun hind tili bo‘yicha yangi stipendiya joriy etiladi

O‘zbekistonlik talabalar uchun hind tili bo‘yicha yangi stipendiya joriy etiladi

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘zbekistonlik talabalar uchun hind tili bo‘yicha Lal Bahodur Shastri stipendiyasi joriy etilishini e’lon qildi. Ushbu tashabbus Hindistonning sobiq Bosh vaziri Lal Bahodur Shastrining vafotining 60 yilligi munosabati bilan ilgari surildi.

 

Avvalroq, O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Hindiston Bosh vaziri Shri Narendra Modi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan rasmiy muzokaralar o‘tkazgani xabar berilgandi.

 

Ikki davlat rahbari qadimiy sivilizatsiyalar o‘rtasidagi aloqalar va xalqlar o‘rtasidagi zamonaviy munosabatlar ikki tomonlama sheriklikka yangi ruh bag‘ishlayotganini qayd etgan.

 

Hindistonning sobiq Bosh vaziri Lal Bahodur Shastrining vafotining 60 yilligi munosabati bilan Narendra Modi o‘zbekistonlik talabalar uchun hind tili bo‘yicha Lal Bahodur Shastri stipendiyasi joriy etilishini e’lon qilgan. Bu haqda Hindiston Bosh vazirining rasmiy saytida ma’lum qilingan.

 

O‘zbekistonning “Yashil makon” tashabbusi va Hindistonning “Ek Ped Maa Ke Naam” tashabbusi o‘rtasidagi jihatlarni inobatga olib, Narendra Modi Orol dengizi hududini ekologik tiklash bo‘yicha davom etayotgan ishlarga Hindiston tomonidan 1 million AQSh dollari miqdorida grant ajratilishini ma’lum qildi.

 

Ikki davlat rahbari Ko‘ksaroy qarorgohi bog‘ida birgalikda daraxt ham ekkan.

 

Bir qator kelishuv va memorandumlar imzolandi

 

Muzokaralar yakunida tomonlar madaniyat, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar, salohiyatni oshirish, arxivlar, iqtisodiy hamkorlik, atrof-muhit, turizm, tog‘-kon sanoati, ayurveda va birodar davlatlar o‘rtasidagi aloqalar kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan memorandum va kelishuvlarni almashgan.

 

O‘zbekistondagi Fayoztepa va Qoratepa buddaviylik yodgorliklarini restavratsiya qilish bo‘yicha Niyat bayonnomasi imzolangan.

 

Avvalroq, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolangani haqida xabar berilgandi.