Toshkentda yangi o‘quv yili 8 balli tirbandlik bilan boshlandi

Toshkentda yangi o‘quv yili 8 balli tirbandlik bilan boshlandi

Bugun 1-bosqich talabalari uchun yangi o‘quv yili boshlandi. O‘quv yilining birinchi kunidanoq poytaxt ko‘chalarida tirbandlik darajasi 8 ballgacha yetdi.

 

Bugun, respublikadagi barcha oliy ta’lim muassasalarida 1-bosqich talabalari uchun yangi o‘quv yili boshlandi. O‘quv yilining boshlanganligi munosabat bilan bugun, ertalab poytaxt ko‘chalarida transport vositalari oqimi sezilarli darajada ortib, ayrim yo‘nalishlarda 8 balli tirbandlik kuzatildi.

 

Avvalroq, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida joylashgan OTMlarning birinchi smenasidagi darslar soat 08:00 dan boshlanishi belgilangan edi. Mazkur tartib transport oqimini samarali tashkil etish va ertalabki tig‘iz vaqtda yo‘llardagi yuklamani kamaytirish maqsadida joriy etilgan.

 

Shuningdek, “Toshkent metropoliteni” AJ yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan yo‘lovchilar oqimining ortishiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani ma’lum qilingan edi.

 

Unga ko‘ra, kunning tig‘iz vaqtlarida barcha yo‘nalishlarda poyezdlar harakati intervallari qisqartirilgan:

 

— Chilonzor yo‘nalishida — 1,5–2 daqiqagacha;

— O‘zbekiston yo‘nalishida — 3 daqiqagacha;

— Yunusobod yo‘nalishida — 4 daqiqagacha;

— Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishida — 7–8 daqiqagacha.

 

Ma’lumot uchun, Toshkentdagi OTMlarda 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun darslar 14-sentyabrdan boshlanadi.

 

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan poytaxt ko‘chalaridagi transport oqimi, tirbandlik darajasi hamda jamoat transporti harakati doimiy monitoring qilinmoqda. Ushbu markaz ma’lum qilishicha, 5-sentyabr kuni poytaxtda tirbandlik darajasi 4–5 ball atrofida qayd etilgan.