Yangi o‘quv yili munosabati bilan Toshkent metrosida poyezdlar harakati intervallari qisqartiriladi

Yangi o‘quv yili munosabati bilan Toshkent metrosida poyezdlar harakati intervallari qisqartiriladi

Toshkent shahridagi oliy ta’lim tashkilotlarida darslar 08:00 dan boshlanishi munosabati bilan metroda yo‘lovchilar oqimi ortishi kutilmoqda. Shu sababli tig‘iz vaqtlarda poyezdlar harakati intervallari qisqartiriladi.

 

“Toshkent metropoliteni” AJ yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan yo‘lovchilar oqimining ortishiga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

 

Xabaringiz bor, Toshkent shahridagi barcha oliy ta’lim tashkilotlarida o‘quv mashg‘ulotlarining birinchi smenasi soat 08:00 dan boshlanishi belgilandi. Bu ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda jamoat transportiga, jumladan, metropoliten xizmatiga bo‘lgan talabni oshirishi kutilmoqda.

 

Shu munosabat bilan kunning tig‘iz vaqtlarida barcha yo‘nalishlarda poyezdlar harakati intervallari qisqartiriladi:

 

  • Chilonzor yo‘nalishida — 1,5–2 daqiqagacha;
  • O‘zbekiston yo‘nalishida — 3 daqiqagacha;
  • Yunusobod yo‘nalishida — 4 daqiqagacha;
  • Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishida — 7–8 daqiqagacha.

 

Shuningdek, 2026-yil davomida metropoliten vagon parkini 14 ta zamonaviy harakat tarkibi bilan to‘ldirish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar ularning 11 tasi yetkazib berilgan. Yaqin kunlarda yana 3 ta zamonaviy harakat tarkibi olib kelinishi kutilmoqda.

 

Ma’lum qilinishicha, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, bekatlarda xavfsizlikni ta’minlash va yo‘lovchilar oqimini samarali boshqarish maqsadida kunning tig‘iz vaqtlarida barcha 50 ta metro bekatida navbatchilik tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

 

Xususan, belgilangan jadval asosida metropoliten rahbariyati va mas’ul xodimlaridan iborat guruhlar ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda bekatlarda navbatchilik qilib, yo‘lovchilarga zarur ko‘mak ko‘rsatmoqda.

 

Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yangi o‘quv yili boshlanishi bilan ortishi kutilayotgan yo‘lovchilar oqimini samarali boshqarish, transport qatnovining barqarorligini ta’minlash hamda yo‘lovchilarga tezkor, qulay va xavfsiz xizmat ko‘rsatishga qaratilgan.

 

Avvalroq, Talimxabarlari.uz sayti muxbiri poytaxtdagi OTMlarda dars 8:00 da boshlanishiga talabalar munosabatini o‘rgangan edi.