Oliygohga ilk qadamni qo‘yish aksariyat abituriyentlar uchun hayajonli va biroz noqulay jarayon bo‘lishi mumkin. Yangi muhit, yangi guruhdoshlar, o‘qituvchilar, auditoriyalar va butunlay boshqacha ta’lim tizimiga moslashish uchun vaqt kerak. Xo‘sh, birinchi kurs talabalarini universitetdagi dastlabki kunlarda nimalar kutmoqda?
Avvalo, yangi o‘quv yilining ochilish tadbiridan so‘ng birinchi kurs talabalari uchun tanishuv darslari boshlanadi. Bu jarayonda talabalarga fakultet, ta’lim yo‘nalishi, o‘quv jarayoni va OTMdagi tartib-qoidalar haqida ma’lumot beriladi.
Shuningdek, talabalar guruhlarga ajratiladi va ularga tyutor — guruh rahbari biriktiriladi. Tyutor talabalarning universitetdagi dastlabki faoliyatini tashkil etishda yordam beradi. O‘qish, hujjatlar, tadbirlar yoki boshqa masalalar bo‘yicha savol va muammolar yuzaga kelganda, talabalar tyutorga murojaat qilishlari mumkin.
Ilk kunlardanoq auditoriyalarning joylashuvi, kutubxona, oshxona, sport zali va boshqa muhim joylarni bilib olish ham foydali. Chunki dastlab universitet binosi yoki kampusidagi xonalarni topishning o‘zi ham vaqt olishi mumkin.
Maktabdagi ayrim tushunchalar universitetda o‘zgaradi
Oliy ta’lim tashkilotiga kelgach, o‘quv jarayonida ishlatiladigan ayrim atamalarga ham ko‘nikish kerak bo‘ladi.
Masalan:
- sinf — kurs
- sinfxona — auditoriya
- direktor — rektor
- zam direktor — prorektor
- sinf rahbari — tyutor
Bundan tashqari, maktabdagi o‘quv jarayonidan farqli ravishda universitetda talabaning mustaqilligi ancha oshadi. Kimdir sizga har kuni uy vazifasini eslatib turmasligi yoki darsga tayyorlanishingizni nazorat qilmasligi mumkin.
Shuning uchun, birinchi kursdanoq mas’uliyatni o‘z zimmangizga olish muhim.
45 daqiqalik darslar o‘rniga 80 daqiqalik mashg‘ulotlar
Universitetdagi darslarning davomiyligi ham maktabdagidan farq qiladi. Masalan, maktabda 45 daqiqalik darsga ko‘nikkan o‘quvchi universitetda 80 daqiqalik mashg‘ulotlarga moslashishi kerak bo‘ladi.
Fanlar nazariy va amaliy shaklda olib borilishi ham mumkin. Masalan, notiqlik fanining bir mashg‘ulotida mavzu bo‘yicha nazariy bilimlar berilsa, keyingi darsda ushbu bilimlarni amalda qo‘llash talab etiladi.
Ba’zi fanlarda nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni turli o‘qituvchilar olib borishi ham mumkin. Shu sababli bir fan bo‘yicha bir nechta o‘qituvchining talablarini inobatga olishga to‘g‘ri keladi.
Birinchi haftadanoq reja tuzing
OTMda fanlar, topshiriqlar va tadbirlar ko‘paygani sari vaqtni to‘g‘ri taqsimlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Birinchi haftadanoq o‘zingiz uchun oddiy reja tuzib oling. Dars jadvali, topshiriqlar, mustaqil ta’lim va dam olish vaqtlarini alohida belgilang.
Topshiriqlarni oxirgi kungacha qoldirish esa semestr oxirida ortiqcha bosimga sabab bo‘lishi mumkin.
Maslahat: telefoningizdagi kalendar yoki rejalashtirish ilovasidan foydalanib, topshiriqlarning muddatlarini oldindan yozib boring.
Faqat dars bilan cheklanib qolmang
Oliy ta’lim muassasasi — faqat ma’ruza tinglab, imtihon topshiradigan joy emas. Bu yerda yangi tajriba va tanishuvlar orttirish uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjud.
Turli klub, seminar, konferensiya, tanlov va universitet tadbirlarida imkon qadar faol qatnashing. Dastlab notanish odamlar bilan muloqot qilish qiyin tuyulishi mumkin, ammo aynan shu jarayon yangi do‘stlar va kelajakdagi hamkorliklar uchun zamin yaratadi.
Birinchi kursdagi eng muhim maqsadlardan biri — o‘z muhitini shakllantirish.
O‘qituvchilar bilan muloqot qilishdan qo‘rqmang
Universitetda biror mavzuni tushunmasangiz, savol berishdan tortinmang. O‘qituvchiga murojaat qilish yoki darsdan keyin mavzu yuzasidan qo‘shimcha savol berish odati keyinchalik o‘qishingizni ancha yengillashtiradi.
Professor-o‘qituvchilar bilan yaxshi akademik munosabat o‘rnatish ham foydali. Keyinchalik ilmiy loyiha, tadqiqot, tavsiyanoma yoki boshqa imkoniyatlar yuzaga kelganda bunday aloqalar asqotishi mumkin.
Guruhdoshlaringiz bilan yaxshi munosabat o‘rnating
Birinchi kunlardanoq hamma bilan yaqin do‘st bo‘lish shart emas. Ammo guruhdoshlar bilan yaxshi munosabat o‘rnatish muhim.
Dars jadvali, topshiriqlar, auditoriya yoki universitetdagi yangiliklar haqida bir-biringizga ma’lumot berib turishingiz mumkin.
Shuningdek, guruh chatida faol bo‘lish va muhim xabarlarni kuzatib borish ham kerak. OTMda ba’zi e’lon va o‘zgarishlar aynan guruhlar orqali yetkazilishi mumkin.
Mustaqil ta’limga jiddiy qarang
Oliygohda o‘qituvchi barcha bilimni tayyor holda berib qo‘ymaydi. Darsda berilgan mavzuni mustaqil ravishda o‘rganish, qo‘shimcha adabiyotlar o‘qish va ma’lumot izlash talabaning o‘ziga bog‘liq.
Shuning uchun birinchi kursdanoq:
- kutubxona va elektron resurslardan foydalanishni;
- konspekt qilishni;
- ishonchli manbalarni ajratishni;
- taqdimot va mustaqil ish tayyorlashni;
- vaqtni samarali boshqarishni o‘rganish foydali.
Darslarni imkon qadar o‘z vaqtida bajaring, bu sizga semestr yakunida oson baho olishingizga yordam beradi.
Til o‘rganishni kechiktirmang
Universitet davri yangi til o‘rganish uchun eng yaxshi imkoniyatlardan biri bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, chet tilini bilish xorijiy manbalarni o‘rganish, xalqaro dasturlarda qatnashish, grant va stajirovkalarga hujjat topshirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Shuning uchun “keyinroq boshlayman” demasdan, birinchi kursdanoq til o‘rganishni odatga aylantirish maqsadga muvofiq.
Ishonavering talabalik vaqtida o‘rganib olmasangiz, keyin vaqt topishingiz ancha qiyinlashadi.
Sog‘lig‘ingizni unutmang
Yangi muhitga moslashish, darslar, mustaqil topshiriqlar va tadbirlar orasida talaba o‘z sog‘lig‘ini ham nazorat qilishi kerak.
Uyquni kamaytirib, tun bo‘yi dars qilishni odatga aylantirmang. Vaqtida ovqatlanish, yetarlicha dam olish va jismoniy faollikka vaqt ajratish ham o‘qish samaradorligiga ta’sir qiladi.
Talabalik davrida noto‘g‘ri ovqatlanish va rejimsiz hayot tarzi turli muammolarga olib kelishi mumkin. Avvalroq, Buxoroda 18 yoshli talaba qiz doimiy noto‘g‘ri ovqatlanish sabab shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgandi.
Shu sababli o‘qish bilan bir qatorda kun tartibiga ham e’tibor bering.
Imkoniyatlarni o‘rganing
Birinchi kursda universitet sizga nimalarni taklif qilayotganini bilib olishga harakat qiling. Stipendiyalar, tanlovlar, almashinuv dasturlari, talabalar klublari, ilmiy loyihalar, volontyorlik va boshqa imkoniyatlar haqida ma’lumot to‘plang.
Ko‘pincha talabalar bunday imkoniyatlar mavjudligini kech bilib qolishadi. Siz esa birinchi semestrdanoq universitetning rasmiy sahifalari va e’lonlarini kuzatib boring.
Eng muhimi — o‘zingizni boshqalar bilan solishtirmang
Birinchi kursda ayrim talabalar tezda moslashadi, boshqalarga esa buning uchun bir necha oy kerak bo‘ladi. Kimdir fanlarni oson o‘zlashtiradi, kimdir esa qo‘shimcha vaqt sarflaydi.
Shu sababdan o‘zingizni boshqalar bilan solishtirishdan ko‘ra, kechagidan yaxshiroq bo‘lishga harakat qiling.
Oliy ta’limdagi ilk yilning asosiy vazifasi faqat yuqori baho olish emas. Bu davrda mustaqil bo‘lish, vaqtni boshqarish, yangi odamlar bilan muloqot qilish, o‘z qiziqishlaringizni aniqlash va kelajakdagi yo‘nalishingizni shakllantirish ham muhim.
Birinchi kursni qanday boshlashingiz keyingi talabalik hayotingizga katta ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun ilk kundanoq faol, mas’uliyatli va qiziquvchan bo‘lishga harakat qiling.
