2026-yilgi Mustaqillik bayrami munosabati bilan avgust oxiri va sentabr boshida ketma-ket dam olish kunlari bo‘ladi. Bunda 31-avgust ish haftasining davomiyligidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilangan.
2025-yil 24-dekabrda imzolangan “2026-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan 2026-yil uchun qo‘shimcha dam olish kunlari qayd etilgan.
Unga ko‘ra, 31-avgust — dushanba kuni barcha xodimlar uchun, ya’ni ish haftasining 5 yoki 6 kunligidan qat’i nazar, qo‘shimcha dam olish kuni hisoblanadi. Shuningdek, 1-sentyabr — O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan bayram kuni sifatida dam olinadi.
Shu sababli:
- 5 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar — 29-avgust, shanbadan 1-sentyabr, seshanbagacha ketma-ket 4 kun dam oladi;
- 6 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar — 30-avgust, yakshanbadan 1-sentyabr, seshanbagacha ketma-ket 3 kun dam oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mustaqillik bayrami kunlarida aholining O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishi uchun temir yo‘l, avtomobil va havo transportida qo‘shimcha qatnovlar tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.
