Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 21-avgustdagi 356-son buyrug‘i bilan ta’lim tashkilotlarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlash bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.
Joriy yilning 20-avgustidan 30-sentyabrigacha bo‘lgan davr oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarni yangi o‘quv yiliga munosib kutib olish, ularni turar joy bilan ta’minlash va yuzaga kelishi mumkinbo‘lgan muammolarni tezkor bartaraf etish maqsadida “Dolzarb qirq kunlik” etib belgilandi.
2026/2027-o‘quv yili:
– 1-bosqich talabalari uchun — 7-sentyabrdan;
– 2- va undan yuqori bosqich talabalari uchun — 14-sentyabrdan boshlanadi.
Talabalikka tavsiya etilgan shaxslarga to‘lov-kontrakt mablag‘larini shartnomada belgilangan miqdor va muddatlarda to‘lagunga qadar farmoyish asosida o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashishga ruxsat beriladi.
1-bosqich talabalari uchun yangi o‘quv yili doirasida talabalarni tantanali kutib olish, “Kredit ta’limi tizimiga kirish” haftaligi va “Talabalikka bag‘ishlov” tadbirlari tashkil etiladi.
Sentyabr oyida ta’lim tashkilotlarida “Yagona vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” shiori ostida “Mustaqillik darslari” bo‘lib o‘tadi.
Darslar doirasida jadidlik harakati namoyandalari va qatag‘on qurbonlariga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, uch avlod uchrashuvlari, viktorina va ko‘rik-tanlovlar hamda sport musobaqalari o‘tkaziladi.
