Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2026-yilgi oliy ta’limga kirish natijalari bo‘yicha maktab bitiruvchilarining ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, bitiruvchilarning test sinovlaridagi o‘rtacha bali 2025-yildagi 80,9 balldan 92,5 ballga oshgan. Oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Navoiy viloyatida qayd etilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlaridagi sifat ko‘rsatkichlari so‘nggi yillarda sezilarli yaxshilangan.
Jumladan, bitiruvchilarning o‘rtacha bali 2022-yilda 76,3 ball, 2023-yilda 77,1 ball, 2024-yilda 78 ball, 2025-yilda 80,9 ballni tashkil etgan. 2026-yilda esa bu ko‘rsatkich 92,5 ballga yetgan. Ya’ni bir yil ichida o‘rtacha natija 11,6 ballga oshgan.
Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha ball Navoiy viloyatida — 112,8 ball qayd etilgan.
Keyingi o‘rinlarda Buxoro viloyati — 110,8 ball, Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 94,8 ball, Farg‘ona viloyati — 94,7 ball va Toshkent shahri — 94 ballni qayd etgan.
Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan maktab bitiruvchilari ulushi ham oshgan. So‘nggi uch yilda ushbu ko‘rsatkich 3,5 foizga ko‘payib, 2026-yilda 27,4 foizni tashkil etgan. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 25,8 foiz bo‘lgan.
Oliy ta’limga kirish bo‘yicha eng yuqori natijalar Navoiy, Buxoro va Jizzax viloyatlarida qayd etilgan. Mazkur hududlarda maktab bitiruvchilarining OTMga kirish ko‘rsatkichi mos ravishda 52,5 foiz, 37,9 foiz va 35,9 foizni tashkil qilgan.
Joriy yilda jami 454 833 nafar bitiruvchi maktabni tamomlagan. Ularning 333 463 nafari, ya’ni 73 foizi oliy ta’limga kirish test sinovlarida ishtirok etgan.
Shuningdek, joriy yilda 34 681 nafar maktab bitiruvchisi davlat granti asosida o‘qishga tavsiya etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 4 800 nafarga ko‘p. 2025-yilda davlat granti asosida 29 881 nafar maktab bitiruvchisi talabalikka tavsiya etilgan.
Test sinovlarida eng yuqori — 189 ball olgan maktab bitiruvchilari soni ham keskin oshgan. 2026-yilda 4 825 nafar bitiruvchi maksimal ball to‘plagan. Bu 2025-yildagi 619 nafar ko‘rsatkichdan qariyb 8 barobar ko‘p.2024-yilda esa 189 ball olgan bitiruvchilar soni 101 nafarni tashkil etgan.
Shu bilan birga, 56,7 balldan past natija qayd etgan bitiruvchilar soni o‘tgan yilga nisbatan 13 ming nafarga, ya’ni 5 foizga kamaygan.
Mazkur ko‘rsatkichlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2026-yilgi oliy ta’limga kirish test sinovlari natijalari asosida taqdim etilgan.

