TikTok AQShdagi bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish bo‘yicha 400 million dollarlik kelishuvga rozi bo‘ldi — Reuters

TikTok AQShdagi bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish bo‘yicha 400 million dollarlik kelishuvga rozi bo‘ldi — Reuters

AQSh Adliya vazirligi TikTok va ByteDance kompaniyalarini bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini buzganlikda ayblagan ish bo‘yicha 400 million dollarlik kelishuvga erishdi.

 

TikTok va uning Xitoydagi bosh kompaniyasi “ByteDance” joriy yil 21-avgust kuni AQSh Adliya vazirligining qisqa videolar ilovasi bolalarning onlayn maxfiyligini buzgan, degan da’volarini hal qilish uchun 400 million dollarlik kelishuvga rozi bo‘ldi.

 

AQSh Adliya vazirligi 2024-yilda TikTok va ByteDance kompaniyalarini bolalar xavfsizligini himoya qilish talablarini bajarmagani va ularning shaxsiy ma’lumotlarini noqonuniy ravishda to‘plagani haqidagi ayblovlar bilan sudga bergan.

 

Kompaniyalar bolalarga mo‘ljallangan onlayn xizmatlardan 13 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini to‘plashdan oldin ota-onalarining roziligini olishni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblangan.

 

Adliya vazirligi bosh prokuror o‘rinbosari Stenli Vudvordning ta’kidlashicha, vazirlikning ustuvor vazifasi — bolalarning internetda himoyalanishini va ularning shaxsiy ma’lumotlari ishonib topshirilgan kompaniyalar qonuniy majburiyatlarini bajarishini ta’minlashdan iborat.

 

Ma’lum qilinishicha, TikTok hozircha bu borada izoh bermagan.

 

Reuters agentligining yozishicha, kelishuvga ko‘ra TikTok 300 million dollarni darhol to‘laydi, yana 100 million dollar esa 2019-yilda TikTok’ning avvalgi nomi “Musical.ly” kompaniyasiga nisbatan Federal Savdo Komissiyasi (FTC) tomonidan chiqarilgan avvalgi kelishuv qarori bekor qilinganidan so‘ng to‘lanadi.

 

Federal Savdo Komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha paytda “Musical.ly” nomi bilan faoliyat yuritgan TikTok ilovadan yosh bolalar foydalanayotganini bilgan va ularning ismi, elektron pochta manzili hamda boshqa shaxsiy ma’lumotlarini to‘plash uchun ota-onalarining roziligini olmagan. Kompaniya buning uchun 5,7 million dollar jarima to‘lagan.

 

AQSh hukumati ta’kidlashicha, da’vo arizasi kiritilganidan buyon TikTok kompaniyaning egalik tarkibi, boshqaruvi, qonunchilik talablariga rioya qilish tizimi va maxfiylik siyosatida sezilarli o‘zgarishlarni amalga oshirgan.

 

Kelishuv amerikalik oilalarning kuchliroq himoyadan foydalanishda davom etishini ta’minlaydi hamda uzoq davom etadigan sud jarayonlari keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan kechikish va noaniqliklarning oldini oladi, — deya ma’lum qildi AQSH Adliya vazirligi.

 

TikTok’ning AQShdagi qo‘shma korxonasi sudga taqdim etgan hujjatda platformadan foydalanish uchun barcha foydalanuvchilar tug‘ilgan sanasini kiritishi talab qilinishi qayd etilgan. TikTok, shuningdek, yoshini noto‘g‘ri ko‘rsatgan 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarni aniqlaydigan ilg‘or yoshni aniqlash tizimlarini ishlab chiqqanini bildirgan.

 

Sudga taqdim etilgan hujjatga ko‘ra, TikTok’da voyaga yetmagan foydalanuvchilarni aniqlash bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan yuzlab xodimlar ishlaydi. Natijada kompaniya o‘n minglab voyaga yetmaganlar akkauntlarini o‘chirib tashlaydi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish