Joriy yilning 8 oyida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslardan 6 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 80,4 foizi qanoatlantirilgan, vazirlikning Ishonch telefoni xizmatiga murojaatlarni tezkor tahlil qilish uchun sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etilmoqda.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi Axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova murojaatlar bilan ishlash boʻyicha 8 oylik sarhisob yuzasidan maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning oʻtgan 8 oyida vazirlikka 6 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4,7 foizga kamaygan.
Kelib tushgan murojaatlarning 2 903 tasi bevosita vazirlikda qabul qilingan, 2 625 tasi Prezident virtual qabulxonasi, 514 tasi yuqori turuvchi tashkilotlar va boshqa idoralar, 238 tasi Prezidentning Xalq qabulxonalari, 137 tasi prokuratura organlari hamda 53 tasi boshqa manbalar orqali yuborilgan.
Murojaatlarning 80,4 foizi qanoatlantirilgan. Qolgan murojaatlar boʻyicha amaldagi qonunchilik asosida huquqiy tushuntirishlar berilgan. Murojaatlarning asosiy qismini oʻqishni koʻchirish va qayta tiklash, qabul jarayonlari, diplom berish, kontrakt toʻlovi, talabalar bilimini baholash hamda yakuniy davlat attestatsiyasiga oid masalalar tashkil etgan.
Shuningdek, hududlarda 10 dan ortiq sayyor qabul tashkil etilib, 160 nafardan ziyod fuqaroning muammolari koʻrib chiqilgan. “Qarshi tajribasi” asosida tizimli muammolarni bartaraf etish boʻyicha manzilli ishlash mexanizmi ham joriy etilgan.
Vazirlikning Ishonch telefoni xizmatida 24/7 rejimida intellektual maslahat berish va murojaatlarni tezkor tahlil qilish uchun sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etilayotganligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, fuqarolar va talabalar taʼlim sifatiga oid murojaat va takliflarini Telegramʼdagi “Eduuz bilan muloqot” guruhi orqali yuborishlari hamda vazirlikning rasmiy sahifasidagi “Soʻragan edingiz” rukni orqali javob olishlari mumkinligi maʼlum qilindi.
Avvalroq, joriy yilning yanvar–iyun oylarida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 4 ming 572 ta murojaat kelib tushganligi xabar berilgan edi. Hisobotga ko‘ra, eng ko‘p murojaatlar o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash masalalari bo‘yicha bo‘lgan. Ta’lim muassasalari xodimlari faoliyatidan esa 340 ta norozilik murojaati qayd etilgan edi.
