Oliy ta’limda murojaatlar qanday hal etilmoqda? Yarim yillik statistika e’lon qilindi

Oliy ta’limda murojaatlar qanday hal etilmoqda? Yarim yillik statistika e’lon qilindi

2026-yilning yanvar–iyun oylarida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 4 ming 572 ta murojaat kelib tushgan. Hisobotga ko‘ra, eng ko‘p murojaatlar o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash masalalari bo‘yicha bo‘lgan. Ta’lim muassasalari xodimlari faoliyatidan esa 340 ta norozilik murojaati qayd etilgan.

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2026-yilning birinchi yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha hisoboti e’lon qilindi.

 

Unda qayd etilishicha, joriy yilning yanvar–iyun oylari davomida vazirlikka jami 4 572 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,1 foizga kam.

 

Kelib tushgan murojaatlarning 3 900 tasi (85,4 foiz) elektron, 468 tasi (10,2 foiz) yozma, 204 tasi (4,4 foiz) esa og‘zaki shaklda yuborilgan.

 

Murojaatlar eng ko‘p qaysi masalalar bo‘yicha bo‘lgan?

 

Murojaat mavzusi Soni Ulushi
O‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash 536 11,8%
Ta’lim muassasalari faoliyati 504 11,0%
Diplom masalalari 483 10,6%
Talabalar bilimini baholash va yakuniy davlat attestatsiyasi 400 8,7%
Ta’lim muassasalari xodimlari faoliyatidan norozilik 340 7,4%
Kontrakt to‘lovlari 322 7,0%
Qabul jarayonlari 301 6,6%
Moliyaviy masalalar (ish haqi, stipendiya va moddiy yordam) 185 4,0%
Ish bilan ta’minlash 170 3,7%
Ilmiy tadqiqot faoliyati 114 2,5%
Talabalar turar joylari 98 2,1%
Boshqa masalalar 1 119 24,6%

 

Hisobotga ko‘ra, hududlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri (19,2 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Keyingi o‘rinlarda Samarqand (8,9 foiz), Qashqadaryo (8,5 foiz), Farg‘ona (7,5 foiz) hamda Surxondaryo va Toshkent viloyatlari (har biri 7,2 foiz) qayd etilgan.

 

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, murojaatlarning katta qismi amaliy yechim topgan.

 

Murojaatlar qanday yakunlangan?

 

Holati Soni Ulushi
Ijobiy hal etilgan 3 680 80,4%
Huquqiy tushuntirish berilgan 210 4,6%
Hududiy idoralarga yuborilgan 459 10,1%
Vakolatli davlat organlariga yo‘naltirilgan 92 2,0%
Ko‘rib chiqilmoqda 108 2,4%
Qonunchilik asosida ko‘rmasdan qoldirilgan 23 0,5%

 

Shuningdek, vazirlik ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha murojaatlar soni kamayganini ham ma’lum qilgan. Xususan, xorijiy davlatlardan o‘qishni ko‘chirish masalalari bo‘yicha murojaatlar 62,8 foizga, texnikumlarga qabul va o‘qishni tiklash bo‘yicha 38,9 foizga, talabalar safidan chetlatilish bo‘yicha 30,2 foizga, stipendiya masalalari bo‘yicha 29,1 foizga, respublika hududida ichki o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha esa 27,6 foizga kamaygani qayd etilgan.