Talabalar turar-joyi uchun onlayn ariza berish davom etmoqda va yangi oʻquv yili uchun birinchi kursga qabul qilingan abituriyentlar ham 18-avgustdan boshlab Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali onlayn ariza berishlari mumkin.
Qonunchilikda belgilangan tartibga koʻra, 2024-2025 oʻquv yilidan boshlab barcha kurs talabalari uchun davlat oliy taʼlim muassasalari talabalar turar joyiga joylashish onlayn shaklda amalga oshirilmoqda. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish 1-avgustdan boshlab oʻquv yili yakuniga qadar davom etadi.
Reglamentga muvofiq, yotoqxonalarga dastlab imtiyozga ega talabgorlar joylashtiriladi, ortib qolgan joylar esa umumiy navbat asosida taqsimlanadi.
Yotoqxonaga joylashishda kimlar imtiyozga ega? Qaysi toifadagi talabalar birinchi joylashtiriladi?
Talabalar turar-joylariga nizomda koʻrsatilgan maxsus imtiyozga ega boʻlgan yoshlar birinchi joylashtiriladi. Ular:
a) tegishli tasdiqlovchi maʼlumotlar asosida:
– “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalar;
— Ijtimoiy reyestr, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila (ayol) farzandlari;
— I va II guruh nogironligi boʻlgan talabalar;
— xorijiy davlat fuqarosi boʻlgan talabalar;
— bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi taʼlim shaklida ikki yoki undan ortiq toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalar farzandlari;
– Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari.
b) oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori) buyrugʻi asosida:
– xalqaro va Vazirlik tomonidan oʻtkaziladigan respublika miqyosidagi fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan talabalar;
— Vazirlik tomonidan oʻtkaziladigan “Zakovat” intellektual oʻyinlari respublika bosqichi gʻoliblari;
— “Yil talabasi” koʻrik-tanlovi respublika bosqichi gʻoliblari;
— “Talabalar teatr studiyalari” tanlovining respublika bosqichi gʻoliblari;
— talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori boʻlgan talabalar.
