Tibbiyotda sunʼiy intellektdan foydalanish kengayib borayotgani boʻlajak shifokorlarning klinik fikrlash koʻnikmalariga qanday taʼsir qilishi mumkinligi haqidagi savolni ham kun tartibiga olib chiqmoqda. The Guardianʼda eʼlon qilingan maqolada tibbiyot talabalari, rezidentlar va yosh shifokorlarning AIʼdan foydalanishi bilan bogʻliq ushbu xavflar tahlil qilingan.
Tibbiyotda sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanish tobora kengayib bormoqda. Shifokorlar AI yordamida bemorlardagi murakkab alomatlar, dori vositalarining oʻzaro taʼsiri va klinik tavsiyalar boʻyicha tezkor maʼlumot olmoqda.
Bunday vositalardan tibbiyot talabalari, rezidentlar va boshqa yosh mutaxassislar ham foydalanmoqda. Biroq ular uchun AIʼdan foydalanish tajribali shifokorlarnikidan farqli xavf tugʻdirishi mumkin. Chunki yosh mutaxassislar hali klinik fikrlash va mustaqil qaror qabul qilish koʻnikmalarini shakllantirish jarayonida boʻladi.
Masalan, ilgari tibbiyot talabasi bemordagi alomatlarga qarab ehtimoliy tashxislarni mustaqil aniqlashi kerak edi. U ayrim variantlarni eʼtibordan chetda qoldirishi va keyinchalik bu xatolar orqali oʻz bilimini mustahkamlashi mumkin.
Endilikda esa talaba AI vositasiga murojaat qilib, bir necha soniyada keng qamrovli tashxislar roʻyxatini olishi mumkin. Natijada u toʻgʻri javobni bilishi mumkin, biroq bu xulosaga qanday kelishni mustaqil ravishda oʻrganmasligi ehtimoli mavjud.
“Xavf faqat mavjud koʻnikmalarning yoʻqolishida emas, balki ularning umuman shakllanmay qolishidadir”, — deb yozadi Simar Bajaj va Joseph Sakran The Guardiandagi maqolasida.
Mualliflarning taʼkidlashicha, tibbiyot taʼlimi koʻp jihatdan amaliy tajribaga asoslangan. Talaba, rezident va keyinchalik mustaqil shifokor boʻlish jarayonida turli xatolar, noaniqliklar va murakkab klinik holatlar orqali fikrlash koʻnikmasini shakllantiradi.
Sunʼiy intellekt esa bu jarayonga bevosita aralashib, nafaqat qoʻshimcha maʼlumot beradi, balki qaror qabul qilishning oʻziga ham taʼsir koʻrsatmoqda. Tajribali shifokor AI bergan javobni oʻz bilim va tajribasi asosida tekshirishi mumkin. Biroq klinik fikrlashni endigina oʻrganayotgan talaba AI xulosasidagi xatoni aniqlashda qiynalishi mumkin.
Maqolada Nature Medicineʼda eʼlon qilingan tadqiqot ham tilga olingan. Unda OpenEvidence va UpToDate Expert AI kabi klinik AI vositalari GPT-5.2, Gemini 3.1 Pro va Claude Opus 4.6 kabi umumiy maqsadli AI modellari bilan taqqoslangan. Tadqiqot natijalariga koʻra, umumiy maqsadli modellar uchala baholash bosqichining barchasida klinik AI vositalaridan yuqori natija koʻrsatgan.
Shu sababli tibbiyot oliygohlari va rezidentura dasturlarida AIʼdan foydalanishni butunlay cheklash oʻrniga, undan qachon va qanday foydalanishni oʻrgatish taklif qilinmoqda.
Mualliflar buning uchun “avval fikr yuritish, keyin AI bilan maslahatlashish” tamoyilini taklif etadi. Yaʼni talaba yoki rezident bemorni koʻrgach, dastlabki tashxisini, xavfli ehtimollarni va keyingi harakatlarini AI yordamisiz mustaqil belgilashi, shundan keyingina sunʼiy intellekt yordamida oʻz xulosasini tekshirishi mumkin.
Bunday yondashuvda AI tayyor javob beruvchi vosita emas, balki talabaning bilimini tekshiruvchi va toʻldiruvchi yordamchiga aylanishi mumkin.
Maqolada aviatsiya sohasi ham misol sifatida keltirilgan. Uchuvchilar avtomatik boshqaruv tizimlaridan foydalansada, qoʻlda boshqarish koʻnikmalarini muntazam ravishda saqlab turadi. Mualliflar tibbiyotda ham shunga oʻxshash yondashuvni qoʻllash, yaʼni talabalarni vaqti-vaqti bilan AIʼsiz klinik holatlarni mustaqil tahlil qilishga oʻrgatish kerakligini taʼkidlaydi.
Shuningdek, talabalarni AI javoblarini tanqidiy baholashga oʻrgatish taklif qilinmoqda. Buning uchun oʻquvchilarga AI tomonidan tayyorlangan, ammo ichida yashirin xato boʻlgan klinik xulosalar berilib, xatoni aniqlash topshirigʻi berilishi mumkin.
Mualliflarning fikricha, sunʼiy intellekt tibbiyotda katta imkoniyatlar yaratadi. Biroq kelajakdagi shifokor AI bergan maʼlumotni har doim ham toʻgʻri deb qabul qilmasligi kerak. U javobning qanchalik ishonchli ekanini tekshira olishi va zarur hollarda xatoni aniqlashi muhim. AI esa shifokor oʻrniga qaror qabul qiluvchi emas, uning ishini yengillashtiruvchi vosita boʻlishi lozim.
