AQShning qator shtatlarida maktablarda smartfonlardan foydalanishni cheklash yoki taqiqlash siyosati joriy etilmoqda. Biroq o‘quvchilar faqat telefonlarni olib qo‘yish muammoni hal qilmasligini aytib, texnologiyasiz muhitga moslashish, o‘zaro muloqotni kuchaytirish va raqamli farovonlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surmoqda.
AQSh bo‘ylab o‘quvchilar yangi o‘quv yilini smartfonlardan foydalanish taqiqlangan maktablarda boshlamoqda. Hozirda bunday siyosatlar kamida 39 ta shtat va Vashington shahrida amal qilmoqda.
The Guardian nashrining yozishicha, tashkilotchilar maktablarda telefonlardan foydalanishni cheklashni qo‘llab-quvvatlash mumkin, biroq bunday choralar o‘quvchilarning fikri inobatga olingan holda ishlab chiqilishi kerak degan fikrda. Ular telefon taqiqining o‘zi ijtimoiy bosim, yolg‘izlik va texnologiyaga haddan tashqari bog‘lanish kabi muammolarning ildizini bartaraf eta olmasligini ta’kidlamoqda.
Shu sababli ayrim o‘quvchilar maktablarda raqamli farovonlikni rivojlantirish va telefonsiz muhitda o‘quvchilar uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan tashabbuslarni o‘zlari ishlab chiqmoqda.
“Telefonni olib qo‘yishning o‘zi yetarli emas” – o‘quvchilar fikri
Nyu-York shtatida yashovchi Olivia Hovard texnologiya bilan ulg‘aygan avlod vakili sifatida smartfonlardan birdaniga voz kechish oson emasligini aytadi.
Uning fikricha, telefonlardan foydalanishni taqiqlash bilan birga o‘quvchilarga uning o‘rnini bosadigan muqobil faoliyatlar ham taklif qilinishi kerak.
Kaliforniyada esa joriy yil 1-iyuldan kuchga kirgan yangi qonun maktab hududida telefonlardan foydalanishni cheklovchi siyosat ishlab chiqishni talab qilmoqda.
“Orange County School of the Arts” maktabi o‘quvchisi Eliza Choi telefonlarni cheklash to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam ekanini, biroq bolalar qoidalarni chetlab o‘tish yo‘lini topishi mumkinligini ta’kidlagan.
U yoshlar boshchiligidagi GENUp ta’lim tashkilotida K–12 siyosati ta’lim tashkilotida hamrais sifatida faoliyat yuritadi. U maktablarda raqamli farovonlik bo‘yicha ta’limni joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etgan.
Mazkur ta’lim o‘quvchilarga ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellektning ruhiy salomatlikka ta’siri, ulardan foydalanishga cheklov qo‘yish va ongli tanlov qilish bo‘yicha bilim berishni nazarda tutadi.
K–12 — bu AQSh ta’lim tizimida kindergarten (bog‘cha tayyorlov bosqichi)dan 12-sinfgacha bo‘lgan ta’limni anglatadi.
O‘quvchilar telefon siyosatini o‘zlari sinab ko‘rmoqda
Kaliforniyaning Tustin shahridagi “Legacy Magnet Academy” maktabi o‘quvchisi Liv Kong boshchiligidagi o‘quvchilar maslahat guruhi telefonlardan foydalanish bo‘yicha bir nechta variantni sinovdan o‘tkazgan.
Bunga maktabning avvalroq o‘quvchilar bilan maslahatlashmasdan dars boshlanishidan tugashigacha telefonlardan foydalanishni taqiqlagani sabab bo‘lgan. Bu esa o‘quvchilarning keskin noroziligiga olib kelgan.
Keyinchalik o‘quvchilar uchta variantni sinab ko‘rib, telefonlardan dars vaqtida foydalanishni taqiqlash, tanaffuslarda esa ulardan foydalanishga ruxsat berish variantini tanlagan.
O‘quvchining ta’kidlashicha, qarorlar o‘quvchilarga ta’sir qilgani uchun ularni qabul qilish jarayonida o‘quvchilarning o‘zi ham vakillik qilishi muhim.
Telefon taqiqi qanday tushuntirilmoqda?
San-Diyego maktab okrugida ham telefonlardan foydalanish cheklanganidan so‘ng ayrim o‘quvchilar siyosatning maqsadini tushunishda qiynalgan.
Shundan keyin har bir maktabdan o‘quvchilar ishtirok etadigan qo‘mita tashkil etilib, ular ta’lim sohasi mutasaddilari bilan muntazam uchrashib kelmoqda.
Maqsad — ekran vaqtiga oid cheklovlarni o‘quvchilarga jazolash chorasi sifatida emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash vositasi sifatida tushuntirish.
GENUp K–12 siyosati bo‘yicha hamrais Vihaan Bhardvajning aytishicha, yoshlarning siyosatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonidagi ishtiroki ularning mazkur choralarni yaxshiroq tushunishiga yordam bermoqda.
Telefonsiz muhit uchun mashg‘ulotlar
Nyu-Yorkda esa telefonlardan foydalanishni cheklash siyosati joriy etilgach, o‘quvchilar uchun texnologiyasiz faoliyatlarni tashkil etishga qaratilgan yangi tashabbuslar paydo bo‘lgan.
Notijorat #HalfTheStory tashkiloti “Teen Tech Council” nomli yoshlar tashabbusini yo‘lga qo‘ygan. Ushbu loyiha orqali o‘quvchilar kichik grantlar olib, maktablarda telefonsiz tadbir va loyihalarni amalga oshirishi mumkin.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir yil davomida loyiha shtatdagi 50 ta maktabni qo‘llab-quvvatlagan va 17 ming nafar o‘quvchini qamrab olgan.
Masalan, qishloq hududidagi bir maktabda san’at dasturi bekor qilingach, o‘quvchilar telefonlardan ko‘proq foydalana boshlagan. Buni sezgan ikki o‘quvchi maktab hududiga ko‘chma “ijod aravalari”ni joylashtirgan. Ulardan dars vaqtida va darsdan keyin san’at buyumlaridan foydalanish mumkin bo‘lgan.
Boshqa bir maktabda esa o‘quvchi telefonsiz kvest tashkil qilgan. Ishtirokchilar topshiriqlarni bajarishda bir martalik fotoapparatlardan foydalangan.
Bronks hududidagi “Democracy Prep Endurance” maktabining bitiruvchisi Cayden Boahene esa 4,5 ming dollarlik grantning bir qismini imtihonlar haftasida “Wellness Day” tadbirini tashkil etishga sarflagan. Unda qariyb 100 nafar o‘quvchi basketbol o‘ynagan, stol o‘yinlarida qatnashgan va yangi do‘stlar orttirgan.
Ayrim maktablarda “detoks xonasi” ochilmoqda
Long-Aylenddagi “Valley Stream North” maktabi o‘quvchisi Hovardning aytishicha, telefonlardan foydalanish taqiqlangach, maktabdagi jonli muloqot sezilarli darajada oshgan. Biroq bu muhit ayrim tortinchoq o‘quvchilar uchun noqulay bo‘lishi mumkin.
Shu sababli Hovard va boshqa o‘quvchilar maktab ma’muriyati bilan birgalikda telefonsiz muhitda o‘quvchilarning o‘zaro muloqotini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslarni ishlab chiqmoqda.
Maktabda joriy yili kuzda “detoks xonasi” ochilishi rejalashtirilgan. Unda kitoblar, stressni kamaytirishga yordam beruvchi o‘yinchoqlar va ovoz chiqaruvchi qurilma bo‘ladi. O‘quvchilar bu xonadan hissiyotlarini boshqarish va tinchlanish uchun foydalanishi mumkin.
Shuningdek, o‘qituvchilarni darslarda yuzma-yuz muloqot uchun ko‘proq imkoniyat yaratishga, jumladan, guruhli topshiriqlarni ko‘paytirishga chaqirilmoqda.
Shunday qilib, AQSh tajribasi maktablarda telefonlardan foydalanishni taqiqlash masalasi faqat qurilmani olib qo‘yish bilan cheklanmasligini ko‘rsatmoqda. O‘quvchilar taqiq bilan bir qatorda raqamli farovonlik bo‘yicha ta’lim, o‘zaro muloqot uchun imkoniyatlar va telefonsiz muhitga moslashishga yordam beradigan muqobil faoliyatlar ham zarur, deb hisoblamoqda.
Avvalroq, Shotlandiyaning Edinburg shahridagi boshlang‘ich maktab o‘quvchilari telefonlarini kun davomida maxsus shkaflarda saqlashi kerak bo‘ladi. O‘rta maktab o‘quvchilari esa telefonlarini maxsus qulflanadigan g‘iloflarga solib qo‘yishi haqida xabar bergan edik.



