“Fidoyi volontyor” ko‘krak nishonini ta’sis etish bo‘yicha qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Loyiha qabul qilinsa, ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.
Muhokamalar portaliga “Fidoyi volontyor” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risidagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, mamlakatning ijtimoiy, ilm-fan, madaniyat, sog‘liqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga munosib hissa qo‘shgan, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga ko‘mak ko‘rsatishda faol bo‘lgan fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida “Fidoyi volontyor” ko‘krak nishonini ta’sis etish taklif qilinmoqda.
Loyihada ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ham taqdirlash mumkinligi belgilangan.
Bunda “Fidoyi volontyor” koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari:
- aholi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida volontyorlik faoliyatini ommalashtirish va uni umumxalq harakati darajasiga koʻtarish, yangi volontyorlik modellari va innovatsion yondashuvlarini joriy etishda tashabbuskorligi;
- yoshlarni vatanparvarlik, mehr-oqibat, bagʻrikenglik, maʼnaviy-axloqiy va jismonan sogʻlom etib voyaga yetish, ularni olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirishda alohida oʻrnak boʻlayotgani;
- “tengdosh-koʻmakchi” tamoyili asosida nogironligi boʻlgan va alohida parvarishga muhtoj shaxslarga ijtimoiy faolligini, jamiyat va davlat hayotidagi ishtirokini oshirish, oʻziga boʻlgan ishonchini mustahkamlash koʻmaklashishdagi faolligi, ehtiyojmand aholi qatlamiga koʻmak koʻrsatishdagi beminnat xizmatlari;
- oʻz tashabbusi va harakatlari bilan atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini taʼminlash, madaniyat va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirishga munosib hissa qoʻshayotganligi uchun mukofotlanadi.
Nomzodlarni ko‘rib chiqish va taqdirlash bo‘yicha tegishli qarorni Volontyorlik faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha Vasiylik kengashi qabul qiladi. Yoshlar ishlari agentligi esa kengashning ishchi organi hisoblanadi.
Ko‘krak nishoni va uning guvohnomasi 2-dekabr — O‘zbekiston volontyorlari kuni arafasida tantanali tarzda topshiriladi. Shuningdek, ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga BHMning 4 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.
Ko‘krak nishoni ko‘krakning chap tomoniga davlat mukofotlaridan keyin taqiladi. Loyihaga ko‘ra, “Fidoyi volontyor” ko‘krak nishoni mis qotishmasidan tayyorlanadi. Uning diametri 26 millimetr bo‘lib, nishonda “FIDOYI VOLONTYOR” va “O‘ZBEKISTON” yozuvlari aks ettiriladi.
