2026-yilda Oʻzbekiston oʻquvchilari xalqaro fan olimpiadalarida 35 ta oltin, 81 ta kumush va 104 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maʼlum qildi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 2026-yilda oʻquvchilarning xalqaro fan olimpiadalaridagi ishtiroki natijalarini maʼlum qildi.
Unga koʻra, 2026-yilda Oʻzbekiston oʻquvchilari xalqaro fan olimpiadalarida jami 220 ta medalni qoʻlga kiritdi. Shundan 35 tasi oltin, 81 tasi kumush va 104 tasi bronza medaldir.
Joriy yilda Oʻzbekiston ilk marotaba Xalqaro sunʼiy intellekt olimpiadasida ishtirok etdi. Unda oʻquvchilar 1 ta kumush va 2 ta bronza, jami 3 ta medalni qoʻlga kiritgan.
Shuningdek, Toshkent viloyatida oʻtkazilgan Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasida Oʻzbekiston vakillari jami 61 ta medal — 11 ta oltin, 22 ta kumush va 28 ta bronza medalga ega boʻlgan. Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasida esa oʻquvchilar 11 ta medal — 2 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi.
Maʼlum qilinishicha, eng nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida ham oʻzbekistonlik oʻquvchilar sovrinli oʻrinlarni egallagan. Xususan, Oʻzbekiston mezbonligida 96 davlat ishtirokida oʻtkazilgan Xalqaro kimyo olimpiadasida 1 ta oltin va 3 ta kumush medal qoʻlga kiritilgan.
Xitoyda 119 davlat vakillari qatnashgan Xalqaro matematika olimpiadasida 2 ta kumush va 3 ta bronza, Kolumbiyada 96 davlat ishtirokida oʻtkazilgan Xalqaro fizika olimpiadasida esa 2 ta kumush va 2 ta bronza medal qoʻlga kiritilgan.
Bundan tashqari, Germaniyada 51 davlat ishtirokida oʻtkazilgan Xalqaro nemis tili olimpiadasida 1 ta kumush va 1 ta bronza, Xitoyda 60 davlat vakillari qatnashgan Xalqaro iqtisod olimpiadasida esa 2 ta bronza medal qoʻlga kiritilgan.
