Telegram asoschisi Pavel Durov Toshkentda o‘tkazilayotgan 38-Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI-2026) sovrindorlarini maxsus raqamli kolleksiyalar bilan taqdirlashini ma’lum qildi. U olimpiadaning O‘zbekistonda — Muhammad al-Xorazmiy vatani bo‘lgan yurtda o‘tkazilayotganini ham alohida qayd etgan.
Bugun, 10-avgust kuni telegram asoschisi Pavel Durov o‘z sahifasida bugun Toshkentda start olgan IOI 2026 haqida post qoldirdi.
Uning ma’lum qilishicha, olimpiadada sovrinli o‘rinlarni egallagan 235 nafar o‘quvchiga “Algorithm Cups” nomli eksklyuziv raqamli kolleksiyalar taqdim etiladi. Mukofotlarning umumiy qiymati kamida 117 ming dollarni tashkil etadi.
Telegram asoschisi IOI-2026 dunyoning eng iqtidorli yosh dasturchilarini bir maydonda jamlayotganini ta’kidlagan.
Shuningdek, u olimpiadaning aynan O‘zbekistonda o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratib, Muhammad al-Xorazmiy nomini tilga olgan. Durovning qayd etishicha, “algorithm” so‘zi ham Al-Xorazmiy nomi bilan bog‘liq.
Durovning yozishicha, Telegram jamoasining ko‘plab a’zolari ham avval Xalqaro informatika olimpiadalarida medallarni qo‘lga kiritgan.
IOI-2026 Toshkentda 3–10-avgust kunlari o‘tkazilmoqda. Olimpiadada dunyoning turli mamlakatlaridan yosh dasturchilar ishtirok etmoqda.
