Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf oʻquvchisi Iskandarov Islombek SAT imtihonidan 1500, IELTSʼdan esa 7.0 ball oldi. U ikkala sertifikatni ham birinchi urinishdayoq qoʻlga kiritgan va ushbu natijalari orqali muddatidan oldin talabalikka erishgan.
17 yoshli Islombek Iskandarov Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanida tugʻilgan. U shu tumandagi ixtisoslashtirilgan maktabda tahsil olgan. Maktabdagi oʻqish bilan bir qatorda, u taʼlim berish faoliyati bilan ham shugʻullanib kelgan.
Oʻqish bilan bir qatorda Islombek oʻqituvchilik faoliyatini ham yoʻlga qoʻygan. U bir yildan ortiq vaqt davomida oʻquv markazida dars berib, 100 nafardan ortiq oʻquvchiga bilim bergan, shogirdlaridan 10 nafardan ortigʻi esa turli natijalarga erishgan.
Uning xalqaro sertifikatlarga tayyorgarligi esa xorijda taʼlim olish maqsadi paydo boʻlgach boshlangan.
“SAT va IELTS topshirish gʻoyasi chet el universitetlariga hujjat topshirish fikri paydo boʻlganidan keyin tugʻildi. Bu yoʻlda maktabimdagi xorijda oʻqishga boʻlgan qarash va muhit, ota-onamning doimiy qoʻllab-quvvatlashi menga turtki boʻldi. Opamning ham Koreyadagi Inha Universityʼga oʻqishga kirgani va hozir u yerda tahsil olayotgani meni yanada ilhomlantirdi”, — deydi Islombek.
Islombek IELTS imtihoniga 1,5-yil, SATʼga esa 8 oy davomida tayyorlangan. Har ikki imtihonni ham birinchi urinishdayoq muvaffaqiyatli topshirgan.
SAT imtihoniga ikki oy qolganida tayyorgarlik yanada jadallashgan. Oʻquvchi ayrim kechalarda soat 3–4 gacha dars qilganini aytadi. Umuman olganda, kuniga oʻrtacha 8–9 soat tayyorgarlikka vaqt ajratgan. Biroq uning fikricha, tayyorgarlikda sarflangan vaqtning koʻpligidan koʻra, undan qanday foydalanish muhimroq.
“SAT imtihonimga ikki oy qolganda uyqusiz tunlarim boʻldi. Shaxsiy kanalimda jonli efir qilib, kechalari soat 3–4 gacha dars qilib chiqqan paytlarim ham boʻlgan. Kuniga oʻrtacha 8–9 soat shugʻullanganman. Ammo miqdor emas, sifat muhim deb hisoblayman. Toʻgʻri reja bilan koʻp narsaga erishish mumkin”, — deydi u.
SAT natijalari eʼlon qilinganda Islombek oʻzidan taxminan 1450 ball kutgan. Yakunda esa 1500 ball olgan. Uning SAT natijasida Reading and Writing boʻlimidan 730, Math boʻlimidan esa 770 ball qayd etilgan.
“Natijani koʻrganimda juda quvonib ketdim. Oʻzimdan oʻrtacha 1450 ball atrofida kutgandim. 1500 juda ajoyib natija boʻldi”, — deydi Islombek.
Oʻquvchi uchun SATʼning Reading and Writing qismi Math boʻlimiga qaraganda murakkabroq boʻlgan. Uning taʼkidlashicha, bu boʻlimda faqat ingliz tilini tushunish emas, balki dunyoqarash ham muhim.
IELTSʼdan 7.0 ball olish esa Islombekning SATʼga tayyorgarligida ham yordam bergan. U IELTSʼni avvalroq qoʻlga kiritgani sababli SATʼga tayyorgarlik boshlaganida oʻzida yetarli intizom shakllanganini aytadi.
Islombek SATʼga tayyorlanishda asosan onlayn kurslar va YouTube platformasidan foydalangan. Satning matematika qismi boʻyicha onlayn kursda shugʻullangan boʻlsa, ingliz tili boʻyicha bilimlarini mustaqil ravishda rivojlantirgan.
“IELTS tayyorgarligida ustozlarimning yoʻl-yoʻriqlari va ustozim Akobirxon Akbarovning saʼy-harakatlari yordamida 7.0 natijani qoʻlga kiritdim”, — deydi u.
Tayyorgarlik davomida Islombekning ballari bir muddat oʻsmasdan qolgan paytlar ham boʻlgan. Biroq bu holat uni maqsadidan qaytarmagan.
“Ballim bir joyda qotib qolgan vaqtlar koʻp boʻlgan. Ammo oʻzimga ishongan holda davom etganman”, — deydi u.
Telefon va ijtimoiy tarmoqlar Islombek uchun ham baʼzan chalgʻituvchi omil boʻlgan. Bunday vaziyatlarda u bildirishnomalar va ayrim platformalarni vaqtincha bloklab qoʻygan.
Shu bilan birga, telefondan tayyorgarlik jarayonining bir qismi sifatida ham foydalangan. Masalan, jamoat transportida ingliz tilidagi qoʻshiqlarni tinglab, listening koʻnikmasini rivojlantirgan, SAT savollarini esa yoʻlda ishlab, tahlil qilib borgan. Bu usul unga alohida vaqt ajratmasdan, kundalik faoliyatini ham oʻqish bilan uygʻunlashtirish imkonini bergan.
Islombekning muvaffaqiyatida ota-onasi, maktabi va ustozlarining ham oʻrni katta boʻlganini taʼkidlaydi.
“Birinchi oʻrinda ota-onamning oʻrni beqiyos. Ular menga moddiy va maʼnaviy jihatdan yordam berishdi, doimo qoʻllab-quvvatlab kelishdi. Maktabim ham oʻqishim uchun muhit va sharoit yaratib berdi. Buning uchun direktorimiz Oqila Usmonovaga rahmat aytmoqchiman”, — deydi u.
Islombekning taʼlimdagi maqsadlari faqat sertifikat olish yoki universitetga kirish bilan cheklanmaydi. Hozircha u Oʻzbekistonda, xususan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oʻqishni rejalashtirmoqda.
U xorijiy universitetlarga ham hujjat topshirib, ayrimlaridan grant yutgan. Biroq oilasining moliyaviy imkoniyatlarini hisobga olib, bu yil xorijda oʻqish rejasidan voz kechgan. Kelgusida esa oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish va shaxsiy brendi ostida oʻquv markazi tashkil etishni maqsad qilgan.
“Eng muhimi, yurtimizga foydasi tegadigan inson boʻlib yetishishni va oʻz sohamda eng zoʻrlaridan biri boʻlishni istayman”, — deydi Islombek.
U SAT va IELTS topshirishga tayyorlanayotgan tengdoshlariga esa avvalo aniq maqsad qoʻyish va undan ortga chekinmaslikni tavsiya qiladi.
“Koʻpchilik maqsadlarini toʻgʻri qoʻyishni bilmaydi yoki notoʻgʻri maqsadlar qiladi. Eng avvalo, yoʻnalishni toʻgʻri qoʻyish va shu yoʻl uchun bor kuchingizni berib harakat qilish kerak. SAT va IELTS uchun tayyorlanayotgan oʻquvchilarga maslahatim: oʻxshamayaptimi — davom eting, hech qachon toʻxtamang. Niyatni toʻgʻri qiling va oʻzingizga mos uslubda tayyorlaning”, — deydi u.
Avvalroq, fargʻonalik yana bir oʻquvchi tegishli barcha fanlardan sertifikat olib, muddatidan oldin talabalikni naqd qilgani haqida xabar bergan edik.
