Fargʻonalik yana bir oʻquvchi tegishli barcha fanlardan sertifikat olib, muddatidan oldin talabalikni naqd qildi.
Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanidagi 37- umumiy oʻrta taʼlim maktabining bitiruvchi sinf oʻquvchisi Ahmadjonova Gulsanamxon tarix (A+), ingliz tili (C1), ona tili (B+) va matematika (C+) fanlaridan milliy sertifikatlarni olib, davlat grantini naqd qildi.
Oʻquvchining soʻzlariga koʻra, u tayyorgarlikni 9-sinfdan boshlab, 11-sinfning mart oyigacha davom ettirgan.
“Tarix fani ustozim nafaqat fanga boʻlgan muhabbatimni oshirgan, balki taffakkur qilishga, harakatdan toʻxtamaslikka va vaqtni qadriga yetishga oʻrgatgan. Ustozimning har bir darsi, bergan maslahatlari va doimiy qoʻllab-quvvatlashi bugungi natijamda muhim oʻrin tutadi”, — deydi Gulsanamxon.
Gulsanamning fikricha, yaxshi natijaga erishish uchun faqat yaxshi oʻquv markazida tayyorgarlik koʻrish yetarli emas, eng muhimi oʻquvchi oʻz ustida qoʻshimcha va intizomli ishlashni bilishi kerak. U ingliz tilidan oʻquv kurslariga qatnab, darslarda olgan bilimlarimni uyda muntazam takrorlab borgan.
“Majburiy fanlarga ham alohida eʼtibor qaratib, astoydil tayyorgarlik koʻrdim. Menga asosiy qiyinchilikni matematika fani tugʻdirdi, chunki bu fanga juda oz vaqt tayyorgarlik koʻrdim. Dastlab ayrim murakkab masalalarni yechishda qiynalsam, baʼzan vaqtni toʻgʻri taqsimlay olmasligim sababli testlarda koʻp xato qilardim. Ayniqsa, mantiqiy va koʻp bosqichli misollar ustida koʻproq ishlashimga toʻgʻri keldi. Lekin bu qiyinchiliklar meni ortga tortmadi. Har bir xatomni qayta tahlil qilib, sababini topishga harakat qildim. Ustozimning tavsiyalari va muntazam mashqlar orqali asta-sekin matematik fikrlashim rivojlandi”, — deydi oʻquvchi.
Gulsanam oʻqish davomida eng katta ishonch va motivatsiyani oilasidan olganini taʼkidlab oʻtdi. Bundan tashqari u doim maqsadlarini eslab turgani, shuningdek, bugungi mehnati ertangi muvaffaqiyati uchun poydevor boʻlishiga ishongani va shu orqali harakatdan toʻxtamaslikka kuch topganini eslab oʻtdi.
“Kelajakdagi eng katta maqsadim — jamiyat rivojiga hissa qoʻshadigan, bilimli va masʼuliyatli inson boʻlish. Ayniqsa, qizlarning taʼlim olishi, oʻz ustida ishlashi va oʻz salohiyatini toʻliq namoyon etishi uchun imkoniyatlar yanada kengayishida hissam boʻlishi xohlayman. Ishonamanki, bilimli va maqsadli qizlar koʻpaysa, jamiyat ham yanada rivojlanadi. Shu sababli bilim, tajribam va tashabbuslarim orqali qizlarni ilm olishga, oʻziga ishonishga va katta orzular sari intilishga ruhlantirishni maqsad qilganman”, — deydi Gulsanamxon.
Oʻquvchining kelgusi ishlariga rivoj va muvaffaqiyat tilaymiz.




