2026-yilda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbariyati faoliyati samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholanadi. Unga koʻra, joriy yilda oliy taʼlim qamrovini 45 foizga yetkazish, xalqaro reytinglardagi OTMlar sonini oshirish va bitiruvchilar bandligini yaxshilash asosiy maqsadlar etib belgilangan.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri hamda uning oʻrinbosarlari faoliyatini baholash uchun 2026-yilga moʻljallangan eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) tasdiqlangan.
KPI koʻrsatkichlari Prezidentning oliy taʼlim tizimini takomillashtirishga doir hujjatlarida belgilangan vazifalar asosida ishlab chiqilgan boʻlib, vazirlik faoliyatini aniq natijalar boʻyicha baholashni nazarda tutadi.
Tasdiqlangan koʻrsatkichlarga koʻra, 2026-yilda oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 45 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, kam taʼminlangan oilalar farzandlari uchun davlat grantlari ajratishni kengaytirish va oliy taʼlim olish imkoniyatlarini oshirish vazifasi belgilangan.
Xalqaro yoʻnalishda xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan taʼlim dasturlari sonini 133 taga, dunyoning TOP–1000 universitetlari roʻyxatiga kirgan milliy oliy taʼlim muassasalari sonini 4 taga yetkazish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, QS, THE va ARWU reytinglaridagi universitetlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
KPI koʻrsatkichlari bitiruvchilarning bandligiga ham qaratilgan. Unga koʻra, oliygohni tamomlaganidan keyin bir yil ichida doimiy ishga joylashgan bitiruvchilar ulushini 55 foizga, ish beruvchilar tomonidan ijobiy baholangan bitiruvchilar ulushini esa 50 foizga yetkazish belgilangan.
Raqamlashtirish yoʻnalishida kutubxona resurslarining 75 foizini elektron shaklga oʻtkazish, my.gov.uz orqali koʻrsatiladigan xizmatlar sonini 19 taga yetkazish hamda elektron xizmatlar va ochiqlik koʻrsatkichlarini oshirish koʻzda tutilgan.
Ilmiy faoliyat boʻyicha universitetlarning ilmiy salohiyatini 53 foizga yetkazish, Scopus va Web of Science bazalaridagi jurnallarda chop etiladigan maqolalar sonini 4 200 taga, xoʻjalik shartnomalari sonini esa 600 taga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Shuningdek, oliy taʼlim muassasalari huzurida spin-off korxonalar tashkil etish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish ishlari davom ettiriladi.
KPI koʻrsatkichlarining bajarilishi samaradorlik.gov.uz platformasi orqali choraklar kesimida monitoring qilinadi. Rahbarlar faoliyati belgilangan koʻrsatkichlarga erishish darajasiga qarab baholanadi.
