Harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega abituriyentlar uchun bu yil respublika bo‘yicha 10 280 ta qo‘shimcha kvota ajratildi. Mazkur imtiyoz faqat birinchi tanlangan ta’lim yo‘nalishida amal qiladi hamda qo‘shimcha ball emas, balki alohida kvota doirasida tanlovda ishtirok etish huquqini beradi.
Xabaringiz bor, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun respublika bo‘yicha jami 10 280 ta qo‘shimcha kvota ajratildi.
Harbiy tavsiyanomali abituriyentlar uchun ajratilgan kvotalar ta’lim shakllari bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan:
— kunduzgi ta’lim — 7 793 ta (shundan 1 828 ta davlat granti, 5 965 ta to‘lov-kontrakt asosida);
— kechki ta’lim — 1 447 ta (barchasi to‘lov-kontrakt asosida);
— masofaviy ta’lim — 1 040 ta (to‘lov-kontrakt asosida).
Mazkur qo‘shimcha kvotalar harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan abituriyentlarga beriladi. Ammo bu imtiyozdan faqat birinchi tanlangan yo‘nalish bo‘yicha foydalanish mumkin. Ikkinchi va undan keyingi yo‘nalishlarga bu imtiyoz amal qilmaydi.
Shuningdek, qo‘shimcha kvotalar aniq bir ta’lim yo‘nalishi uchun emas, balki OTM kesimida ajratilgan. Ya’ni, abituriyentlar tanlagan yo‘nalishidan qat’i nazar, OTM ichida tavsiyanomaga ega eng yuqori ball to‘plaganlar tanlanadi.
Misol uchun, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun kunduzgi ta’limda 47 ta qo‘shimcha kvota ajratilgan (11 ta grant, 36 ta kontrakt).
Bu OTMga 300 nafar harbiy tavsiyanomali abituriyent hujjat topshirdi. Ular orasida kimdir tarix yo‘nalishini, kimdir filologiya, kimdir falsafa yo‘nalishini tanlagan bo‘lishi mumkin.
Shunda, eng yuqori ball to‘plagan 47 nafar abituriyent o‘z tanlagan birinchi yo‘nalishiga grant yoki kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi. Qolgan 256 nafar abituriyent esa umumiy tanlovda (imtiyozsiz) ishtirok etadi. Agar ularning bali yetsa, ular ham kontrakt yoki grant asosida qabul qilinadi.
Harbiy tavsiyanoma qo‘shimcha ball bermaydi. Imtiyoz shunchaki abituriyentni qo‘shimcha kvotada qatnashish huquqi bilan ta’minlaydi. Ya’ni, tanlov imkoniyatini oshiradi, lekin natijaga faqat to‘plangan ball asosida qaraladi.
Imtiyozdan foydalanish uchun abituriyent qabul komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimaldan baland ball to‘plagan bo‘lishi kerak. Agar abituriyent bu ballardan kam to‘plasa, imtiyoz bekor qilinadi va tavsiyanoma hisobga olinmaydi.
Avvalroq, abituriyentlar nechanchi oʻrinda turganini koʻrish imkoniyati bu yil ham yaratilishi haqida xabar bergan edik.
