Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkazilgan ovozli chatda abituriyentlarning fanlar majmuasi boʻyicha reytingdagi oʻrnini koʻrsatish xizmati yaqin kunlarda ishga tushirilishi maʼlum qilindi.
30-iyul kuni Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlarini tanlash bosqichiga bagʻishlangan ovozli chat oʻtkazildi.
Unda 2026-yilgi qabul jarayonida ishtirok etgan abituriyentlar oʻzining fanlar majmuasi boʻyicha reytingdagi oʻrnini yaqin kunlarda bilish imkoniyatiga ega boʻlishi aytildi.
Agentlik xodimining taʼkidlashicha, xuddi oʻtgan yillardagi kabi mandat.uzbmb.uz saytida kengaytirilgan qidiruv funksiyasi ishga tushiriladi.
Hozircha mazkur xizmat mavjud emas. Ayni paytda texnik ishlar olib borilmoqda va u tez orada foydalanuvchilar uchun ishga tushiriladi.
Shundan soʻng abituriyentlar oliy taʼlim muassasasi, taʼlim yoʻnalishi, taʼlim shakli hamda taʼlim tili kesimida oʻzining reytingdagi oʻrnini koʻrishi mumkin boʻladi.
Shuningdek, abituriyentlar mazkur imkoniyat ishga tushirilgach @mandat_javobbot Telegram boti orqali ham oʻz oʻrnini koʻrishi mumkin boʻladi.
