Qabulning navbatdagi muhim bosqichi bugun, 25-iyuldan boshlanib, 9-avgustga qadar davom etadi. Mazkur bosqichda abituriyentlar oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi.
Oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar 2026-yil 25-iyuldan 8-avgustga (shu kuni ham) qadar 15 kun davomida oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlashlari lozim.
Buning uchun my.uzbmb.uz platformasining “Oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul” bo‘limiga kirib, “Xizmatdan foydalanish” tugmasi bosiladi va “OTM tanlash” bo‘limiga o‘tiladi.
Dastlab abituriyent “Tanlov ustuvorligi” va “Maqsadli qabul” bo‘yicha o‘z tanlovini amalga oshiradi.
Shundan so‘ng abituriyent test topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos bo‘lgan beshtagacha oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishini ta’lim shakli bilan birga tanlaydi.
Bunda ta’lim yo‘nalishlarini bir oliy ta’lim muassasasi yoki turli oliy ta’lim muassasalari doirasida tanlash mumkin.
Ta’lim yo‘nalishlarini tanlab, “Saqlash” tugmasi bosilgandan so‘ng ma’lumotlarni tasdiqlash uchun abituriyentning telefon raqamiga SMS xabar yuboriladi. SMS xabardagi kodni dasturga kiritish orqali ma’lumotlar tasdiqlanadi.
Ma’lumotlar tasdiqlanganidan so‘ng, “Abituriyent qayd varaqasi” shakllanadi. Qayd varaqada abituriyent tanlagan tanlov ustuvorligi, ta’lim shakllari, oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlari aks etgan bo‘ladi. Yuklab olish tugmasi orqali abituriyent qayd varaqasini yuklab olishi mumkin.
Abituriyentlar ta’lim yo‘nalishlarini tanlash muddati yakunlangunga qadar o‘z ma’lumotlarini o‘zgartirishlari va qayd varaqasini qayta yuklab olishlari mumkin.
Abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani to‘g‘risidagi yakuniy tanlov natijalari ta’lim yo‘nalishlarini tanlash to‘liq yakunlangandan so‘ng bir hafta muddatda e’lon qilinadi.
Hozircha Bilimni baholash agentligi tomonidan joriy yilgi qabul uchun tanlov bosqichini amalga oshirish bo‘yicha videoyo‘riqnoma e’lon qilingani yo‘q. Ammo bu jarayonda tartib o‘zgarmaganini hisobga olgan holda o‘tgan yili e’lon qilingan videoyo‘riqnomani e’tiboringizga havola etamiz.
Tanlov ustuvorligi nima, degan savolga bu yerdan javob olishingiz mumkin.
