Har yili abituriyentlar o‘zgaradi. Ammo savollar, tushunmovchiliklar o‘zgarmay qolaveradi. Har yili abituriyentlarni qiynaydigan bir savol bor: tanlov ustuvorligi nima? Tanlov bosqichining eng muhim qismlaridan biri bo‘lgan bu jarayonda, abituriyent ‘‘Ta’lim granti’’ ustuvorligi va ‘‘Ta’lim yo‘nalishi’’ ustuvorligidan birini tanlaydi.
Xabaringiz bor, 23-iyul kuni 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari yakunlandi.
25-iyuldan boshlab 8-avgustga qadar (shu kuni ham) abituriyentlar qabulning ikkinchi — tanlov bosqichida ishtirok etadi. Bu davrda ular oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo’nalishi, ta’lim shakli hamda tanlov ustuvorligini belgilashi kerak bo‘ladi.
Tanlov yakunlangach, 9–17-avgust kunlari yakuniy mandatni shakllantirish ishlari olib boriladi. Natijalar e’lon qilingach, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar texnikumlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tanlov ustuvorligi nima?
Abituriyentlar ikki xil ustuvorlikdan birini tanlaydi:
— ‘‘Ta’lim granti’’ ustuvorligi;
— ‘‘Ta’lim yo‘nalishi’’ ustuvorligi.
Ushbu tanlov mandat shakllanishida muhim ahamiyatga ega.
‘‘Ta’lim granti’’ ustuvorligi qanday ishlaydi?
Agar abituriyent ‘‘Ta’lim granti’’ ustuvorligini tanlasa, tizim avvalo u tanlagan yo‘nalishlarni davlat granti bo‘yicha ketma-ket tekshiradi.
Masalan:
- agar birinchi yo‘nalish bo‘yicha grantga balli yetsa, aynan shu yo‘nalishga tavsiya etiladi va qolgan to‘rtta tanlovi ko‘rib chiqilmaydi;
- birinchi yo‘nalishga grant yetmasa, ikkinchi yo‘nalish granti tekshiriladi;
- shu tartib beshinchi yo‘nalishgacha davom etadi.
Agar beshta yo‘nalishning birortasiga ham grant asosida tavsiya etilmasa, tizim ayni shu ketma-ketlikda to‘lov-kontrakt bo‘yicha tanlovni amalga oshiradi.
Ya’ni ushbu ustuvorlikni tanlagan abituriyent uchun asosiy maqsad — imkon qadar grant asosida o‘qishga kirish hisoblanadi.
‘‘Ta’lim yo‘nalishi’’ ustuvorligi qanday ishlaydi?
Agar ‘‘Ta’lim yo‘nalishi’’ ustuvorligi tanlansa, tizim har bir tanlangan yo‘nalishni navbatma-navbat tekshiradi.
Masalan:
- birinchi tanlangan yo‘nalish bo‘yicha avval grant, keyin kontrakt imkoniyati ko‘rib chiqiladi;
- agar shu yo‘nalishga kira olmasa, ikkinchi yo‘nalish xuddi shu tartibda tekshiriladi;
- keyin uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi yo‘nalishlar ham ketma-ket ko‘rib chiqiladi.
Bu variant ‘‘Qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham aynan tanlagan yo‘nalishimda o‘qishni istayman’’ degan abituriyentlar uchun qulay hisoblanadi.
