Farmatsevtika ilmining zabardast namoyandasi

Farmatsevtika ilmining zabardast namoyandasi

Farmatsevtika taʼlim va tadqiqot instituti asoschisi professor Ahmadxoʻja Nigʻmonovich Yunusxoʻjayevning hayot yoʻli va farmatsevtika taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi haqida

 

Har bir xalq taraqqiyoti tarixida oʻz bilimi, fidoyiligi va yuksak insoniy fazilatlari bilan butun bir sohaning rivojiga munosib hissa qoʻshgan shaxslar boʻladi. Ular nafaqat oʻz zamonasining, balki kelajak avlodlar uchun ham ibrat maktabiga aylanadi. Ana shunday insonlardan biri — farmatsevtika fanlari rivojiga umrini bagʻishlagan, taniqli olim, mohir pedagog, isteʼdodli tashkilotchi professor Ahmadxoʻja Nigʻmonovich Yunusxoʻjayevdir.

 

1956-yil 12-aprel kuni Toshkent shahrida shifokorlar oilasida dunyoga kelgan Ahmadxoʻja Nigʻmonovichda ilm-fanga mehr va inson salomatligiga xizmat qilish tuygʻusi yoshligidan shakllandi. Hayotning erta sinovlari uning irodasini yanada mustahkamladi. Maktabni oltin medal, oliy taʼlimni esa imtiyozli diplom bilan tamomlashi uning ilmga boʻlgan yuksak intilishi va mehnatsevarligining yorqin ifodasi boʻldi.

 

Uning ilmiy faoliyati 1978-yildan boshlanib, yangi koordinatsion birikmalar sintezi, biologik faol moddalar va original dori vositalarini yaratishga bagʻishlandi. Izchil izlanishlar natijasida u farmatsevtika sohasida oʻz ilmiy maktabini yaratgan yetuk olim sifatida shakllandi.

 

Farmatsevtika ilmining zabardast namoyandasi

Farmatsevtika ilmining zabardast namoyandasi

 

Professor Ahmadxoʻja Nigʻmonovich Yunusxoʻjayevning xizmatlari, ayniqsa, mustaqillikning dastlabki yillarida yaqqol namoyon boʻldi. Mamlakatimizda dori vositalari taʼminoti bilan bogʻliq murakkab vaziyat yuzaga kelgan bir paytda u farmatsevtika tizimini shakllantirish, dori vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish, klinik sinovlar oʻtkazish va normativ-huquqiy bazani yaratish ishlarida faol ishtirok etdi. Bugun Oʻzbekiston farmatsevtika tizimida qoʻllanilayotgan koʻplab tashkiliy va meʼyoriy mexanizmlarning shakllanishida uning xizmatlari beqiyosdir.

 

Tibbiyot fanlari doktori, professor Zikrilla Solixoʻjayev A.N. Yunusxoʻjayev haqida shunday fikr bildiradi:

 

Ahmadxoʻja Nigʻmonovichni boshqalardan ajratib turadigan eng muhim jihati — uning keng qamrovli fikrlashi, yuqori tashkilotchilik salohiyati va doimiy izlanishga intiluvchanligidir. Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatimiz farmatsevtika tizimini shakllantirishda u kishining xizmatlari beqiyos boʻlgan.

 

2001–2017-yillarda Toshkent farmatsevtika instituti rektori sifatida professor Ahmadxoʻja Nigʻmonovich taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga asoslangan yangi boshqaruv tizimini joriy etdi. Uning rahbarligida institutning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etildi, ilmiy salohiyat sezilarli darajada oshdi va bir qator yangi taʼlim yoʻnalishlari hamda ilmiy maktablar rivojlandi.

 

Farmatsevtika ilmining zabardast namoyandasi

Farmatsevtika ilmining zabardast namoyandasi

Farmatsevtika ilmining zabardast namoyandasi

 

Shu yillarda 80 nafardan ziyod yosh olim muvaffaqiyatli himoya qilib, fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajalariga erishdi. Bu esa ustozning yosh kadrlarni tarbiyalashga qanchalik katta eʼtibor qaratganining amaliy ifodasidir.

 

Farmatsevtika fanlari doktori Aziz Dusmatov bu haqda shunday deydi:

 

Men professor Ahmadxoʻja Nigʻmonovich Yunusxoʻjayevning shogirdi ekanimdan faxrlanaman. Ustozning ilmga boʻlgan munosabati, talabchanligi va har bir ishga masʼuliyat bilan yondashish tamoyili mening butun ilmiy faoliyatimning shakllanishida muhim oʻrin tutgan.

 

Professor Ahmadxoʻja Nigʻmonovich rahbarligida yaratilgan Piratsin, Feraks, Nigeprost, Antikovir kabi original dori vositalari mamlakatimiz tibbiyoti va aholi salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, u tomonidan 300 dan ortiq yangi koordinatsion birikmalar sintez qilinib, ular asosida 50 dan ortiq ixtirolar va patentlar olingan.

 

Farmatsevtika fanlari doktori Shohista Iskandarova taʼkidlaganidek, professor Ahmadxoʻja Nigʻmonovichning ilmiy faoliyati doimo davr talablari bilan hamnafas boʻlgan. Xususan, COVID-19 pandemiyasi davrida ishlab chiqilgan “Antikovir” preparati sohasining dolzarb muammolariga qaratilgan muhim ilmiy yechimlardan biri boʻldi.

 

Farmatsevtika ilmining zabardast namoyandasi

Farmatsevtika ilmining zabardast namoyandasi

 

Bugun professor Ahmadxoʻja Nigʻmonovich Yunusxoʻjayevning ilmiy merosi yuzlab ilmiy maqolalar, monografiyalar, patentlar va darsliklarda, eng muhimi esa uning shogirdlari faoliyatida yashamoqda. Uning hayot yoʻli ilmga sadoqat, yuksak masʼuliyat va Vatan taraqqiyotiga xizmat qilishning yorqin namunasidir.

 

Yubiley ayyomida professor Ahmadxoʻja Nigʻmonovich Yunusxoʻjayevga qarata bildirilayotgan yuksak ehtirom, avvalo, bir insonning emas, balki butun mamlakat farmatsevtikasi rivojiga munosib hissa qoʻshgan buyuk olim va ustozga boʻlgan eʼtirofdir.

 

Ilmga sadoqat va inson salomatligiga xizmat qilish — professor Ahmadxoʻja Nigʻmonovich Yunusxoʻjayev hayotining bosh mezoni boʻlib kelgan va bu tamoyil kelajak avlodlar uchun ham munosib ibrat maktabi boʻlib qolaveradi.

 

Institut haqida qo‘shimcha ma’lumotlar:

 

Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti rasmiy sayti: https://ftti.uz

Manzil: Yunusobod tumani, 19-mavze, 46,48-uy.

Mo‘ljal: “UzMaxOil” yoqilg‘i quyish shaxobchasi.

Telegram: t.me/fttiuz
Instagram: instagram.com/ftti.uz/?hl=ru
Facebook: facebook.com/FTTI.UZ
YouTube: www.youtube.com/@farmatsevtikatalimvatadqiqoti

 

Qabul platformasi: https://admission.ftti.uz/

Aloqa markazi:

+998 71 202-05-50

+998 97 139-00-50
+998 97 189-00-50

+998 71 203-05-50