2026/2027-o‘quv yilidan 100 ta texnikumda xalqaro ta’lim dasturlari joriy etiladi

2026/2027-o‘quv yilidan 100 ta texnikumda xalqaro ta’lim dasturlari joriy etiladi

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab 100 ta texnikumda xalqaro ta’lim dasturlari joriy etiladi. Bu va kasbiy ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan boshqa muhim tashabbuslar Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan davra suhbatida ma’lum qilindi.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan “Kasbiy ta’lim sifatini oshirish — yoshlar bandligini ta’minlashning muhim omili” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

 

Unda deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda mutaxassislari, texnikum direktorlari, Parlament tadqiqotlari instituti, Yoshlar parlamenti vakillari, ekspertlar, olimlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

 

Muhokamalarda mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish, kasbiy ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy kasb va kompetensiyalarga ega mutaxassislarni tayyorlash hamda yoshlarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 

Davra suhbati davomida kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirish va yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha qator muhim ko‘rsatkich hamda ustuvor vazifalar ma’lum qilindi. Xususan, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab 100 ta texnikumda Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya Respublikasi va Saudiya Arabistonining nufuzli ta’lim muassasalari hamda xalqaro kompaniyalari bilan hamkorlikda xalqaro ta’lim dasturlari joriy etiladi. Mazkur tashabbus kasbiy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish, bitiruvchilarning ichki va tashqi mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

 

Qayd etilishicha, bugungi kunda respublikadagi 597 ta kasbiy ta’lim muassasasida 413 mingdan ortiq o‘quvchi kunduzgi, sirtqi va dual ta’lim shakllarida tahsil olmoqda. 2024/2025-o‘quv yilida 145 mingdan ortiq bitiruvchining 81,8 foizi ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, 2025/2026-o‘quv yili yakunida 147 mingdan ortiq yosh texnikumlarni tamomlashi kutilmoqda.

 

Shuningdek, statistik ko‘rsatkichlar bilan cheklanib qolmasdan, bandlik sifatini oshirish va norasmiy mehnat ulushini qisqartirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Shu maqsadda respublika bo‘yicha 539 ta texnikumda 896 ta “Karera kunlari” tashkil etilib, 9,3 mingga yaqin ish beruvchi ishtirokida yoshlarga 41 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni taklif etilgan. Natijada minglab bitiruvchilar ish beruvchilar bilan dastlabki kelishuvlarga erishib, doimiy ishga joylashish uchun yo‘llanmalar olgan.

 

Muhokamalarda, shuningdek, kasbiy ta’lim sifatini mehnat bozori talablariga yanada moslashtirish, dual ta’lim qamrovini kengaytirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda hududlarning iqtisodiy ixtisoslashuvidan kelib chiqib kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

 

Davra suhbati yakunida kasbiy ta’lim tizimini zamonaviylashtirish, xalqaro standartlarni keng joriy etish va yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan takliflar asosida amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda ularning ijrosini parlament nazorati doirasida muntazam monitoring qilib borish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.