Buxorolik abituriyent qiz kerakli fanlardan sertifikatlar olib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi

Buxorolik abituriyent qiz kerakli fanlardan sertifikatlar olib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi

Buxoro viloyati Qorovulbozor ixtisoslashtirilgan maktabining 11-sinf bitiruvchisi Hazratqulova Ruxshona Nusrat qizi bir nechta sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. U ingliz tilidan CEFR B2, tarix fanidan A, o‘zbek tili va adabiyot fanidan B+, matematika fanidan esa B darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.

 

Ruxshona kelgusida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan. Uning aytishicha, bu orzu uzoq muddatli reja va izchil mehnat natijasida tobora yaqinlashgan.

 

Bitiruvchining so‘zlariga ko‘ra, har bir fan uchun o‘rtacha 6–8 oy davomida muntazam tayyorgarlik olib borgan. Asosiy manbalar sifatida maktab darsliklari, ustozlarning tavsiyalari hamda test to‘plamlaridan foydalangan.

 

Yuqori natijaga erishishda eng muhim omil sifatida har kuni muntazam shug‘ullanganini sabab sifatida ko‘rsatdi.

 

Har kuni oz bo‘lsa ham o‘qish va yo‘l qo‘yilgan xatolar ustida ishlash eng samarali usul bo‘ldi, — deydi u.

 

Imtihon savollari oson bo‘lmaganini tan oladi. Biroq puxta tayyorgarlik sababli murakkab savollar ham unga jiddiy qiyinchilik tug‘dirmagan.

 

“Vaqtni to‘g‘ri taqsimlash muhim”

 

Maktabdagi darslar va sertifikatlarga tayyorgarlikni birgalikda olib borish uchun u kun tartibiga qat’iy amal qilgan.

 

Har kuni oldindan tuzilgan reja asosida ishlagan. Uyqu rejimini imkon qadar saqlashga harakat qilgan bo‘lsa-da, ayrim kunlari kamroq uxlashiga to‘g‘ri kelgan.

 

Dam olish va xotira bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Shuning uchun imkon qadar uyqu rejimiga amal qilishga harakat qildim, — deydi Ruxshona.

 

Tushkunlikka emas, maqsadga e’tibor

 

Har qanday katta maqsad yo‘lida qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy. Ruxshona ham ba’zan tushkunlikni boshdan kechirganini yashirmaydi.

 

Ammo oliy ta’limda o‘qish, yangi bilimlar olish va yangi do‘stlar orttirish istagi unga yana kuch bergan.

 

Maqsadim meni oldinga undab turdi. Shu sababli mehnat qilishdan to‘xtamadi.

 

Ruxshonaning kelgusi abituriyentlarga beradigan tavsiyasi esa test ishlashni ko‘paytirish va har bir xatoni tahlil qilish.

 

Savollarni shoshilmasdan, diqqat bilan o‘qish kerak. Qancha ko‘p test ishlansa va xatolar ustida ishlansa, natija shuncha yaxshi bo‘ladi, — deydi u.

 

Shuningdek, maktablarda amaliy testlar sonini ko‘paytirish hamda o‘quvchilarga ko‘proq motivatsiya berish zarurligini ta’kidlaydi.

 

Hozirda Ruxshona oliy ta’lim muassasasiga hujjatlarini topshirgan. Shu bilan birga, u IELTS sertifikatini olish uchun tayyorgarlikni davom ettirmoqda.

 

Ruxshonani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, qashqadaryolik abituriyent qiz muddatidan avval maksimal ball to‘plab, talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.