Maqsadli qabulda abituriyentlar qanday tartibda tanlovda ishtirok etadi?

Maqsadli qabulda abituriyentlar qanday tartibda tanlovda ishtirok etadi?

Davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabulda maqsadli qabulni tanlagan abituriyentlar dastlab maqsadli kvota, so‘ngra esa umumiy kvota doirasida tanlovda ishtirok etadi. Biroq maqsadli qabul asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar umumiy tanlovda qatnashmaydi.

 

Maqsadli qabul — oliy maʼlumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori boʻlgan hududlar va sohalar uchun davlat granti asosida ajratiladigan alohida qabul kvotalaridir. Ushbu kvotalar orqali oʻqishga kirgan talabalar oliy taʼlimni tamomlagach, belgilangan hudud yoki tashkilotda ishlab berish majburiyatini oladi.

 

Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilishning amaldagi tartibiga ko‘ra, maqsadli qabul parametrlari ajratilgan ta’lim yo‘nalishini tanlagan abituriyent har bir yo‘nalish bo‘yicha avvalo maqsadli qabul doirasida, keyin esa umumiy qabul parametrlari bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.

 

Agar abituriyent maqsadli kvota bo‘yicha talabalikka tavsiya etilsa, u umumiy qabul parametrlari bo‘yicha tanlovda qatnashmaydi.

 

Maqsadli qabul kvotalari davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat kunduzgi ta’lim shakliga davlat granti asosida ajratiladi.

 

Hududlar kesimida maqsadli kvota ajratilgan ta’lim yo‘nalishlariga faqat shu hududda doimiy yashovchi (doimiy ro‘yxatdan o‘tgan), belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tib, kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar da’vogarlik qilishi mumkin.

 

Maqsadli qabul asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyent, tegishli tuman (shahar) hokimligi, kadrlar buyurtmachisi bo‘lgan davlat organi (tashkiloti) hamda oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida to‘rt tomonlama shartnoma tuzadi.

 

Bunda bitiruvchi oliy ta’limni tamomlagach muayyan hudud yoki tashkilotda ishlab berish muddati hamda tomonlarning huquq va majburiyatlari belgilanadi.

 

Shuningdek, maqsadli qabulda ishtirok etish uchun tanlov ustuvorligi («Davlat granti» yoki «Ta’lim yo‘nalishi»)ning ahamiyati yo‘q. Abituriyent qaysi ustuvorlikni tanlashidan qat’i nazar, maqsadli kvota bo‘yicha tanlovda qatnashishi mumkin.

 

Bundan tashqari, abituriyent o‘zi tanlaydigan beshta ta’lim yo‘nalishining barchasini ham maqsadli kvota ajratilgan yo‘nalishlardan tanlashi mumkin. Bunda uning doimiy yashash hududi uchun ushbu yo‘nalish bo‘yicha maqsadli kvota ajratilgan bo‘lishi kerak.

 

Maqsadli qabul asosida davlat granti bilan o‘qishga qabul qilingan talabalar to‘liq o‘qish davri davomida grant asosida tahsil oladi. Shuningdek, ular oliy ta’limni tamomlagach, tegishli hudud yoki tashkilotda 5 yil ishlab berish majburiyatini oladi.

 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan 2025/2026-o‘quv yilida maktab ta’limi va sog‘liqni saqlash sohalari uchun tumanlar kesimida, san’at sohasi uchun esa teatrlar kesimida maqsadli qabul kvotalari ajratilgan edi.