113 mamlakat ta’limdan ko‘ra tashqi qarzlarni to‘lashga ko‘proq mablag‘ sarflamoqda — UNESCO

113 mamlakat ta’limdan ko‘ra tashqi qarzlarni to‘lashga ko‘proq mablag‘ sarflamoqda — UNESCO

UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 113 ta mamlakat ta’limdan ko‘ra tashqi qarzlarni to‘lashga ko‘proq mablag‘ ajratmoqda. Tashkilot bu holat ta’limni moliyalashtirish inqirozini chuqurlashtirayotganini bildirib, hukumatlar va xalqaro kreditorlarni yangi moliyalashtirish mexanizmlarini kengroq qo‘llashga chaqirgan.

 

UNESCO Parijda bo‘lib o‘tgan Transforming Education Summit+4 xalqaro sammitida ta’limni moliyalashtirish bo‘yicha yangi tavsiyalarini taqdim etgan.

 

Tashkilotga ko‘ra, bugungi kunda 113 mamlakat, ya’ni 6,1 milliard aholi yashaydigan hududlarda, tashqi qarzlarga xizmat ko‘rsatish xarajatlari ta’lim uchun ajratilayotgan mablag‘lardan oshib ketgan.

 

Hisobotda qayd etilishicha, kam daromadli mamlakatlarda qarz to‘lovlari ta’lim xarajatlaridan deyarli to‘rt baravar ko‘p. Eng ko‘p qarzdor bo‘lgan 18 mamlakatda esa qarz uchun ajratilayotgan mablag‘ ta’lim byudjetidan kamida besh baravar yuqori.

 

UNESCO ushbu muammoni yumshatish uchun ‘‘qarzni ta’lim evaziga almashtirish’’ (debt-for-education swaps) mexanizmini kengroq qo‘llashni taklif qilmoqda. Mazkur mexanizm orqali mamlakatlar qimmat tashqi qarzlarini qayta moliyalashtirib, tejab qolingan mablag‘larni maktablar qurish, o‘qituvchilarni tayyorlash va o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirishi mumkin.

 

Tashkilot misol sifatida 2023-yilda Fransiya va Kot-d’Ivuar o‘rtasida tuzilgan kelishuv natijasida 30 dan ortiq maktab qurilganini, shuningdek, Ispaniya va Peru o‘rtasidagi dastur orqali o‘n yil davomida 50 ta ta’lim loyihasi moliyalashtirilganini keltirgan.

 

Shuningdek, UNESCO xalqaro ta’lim yordami ham qisqarayotganidan ogohlantirgan. Global Education Monitoring Report prognoziga ko‘ra, 2023–2027-yillar oralig‘ida ta’limga ajratiladigan global yordam 30 foizgacha kamayishi mumkin.

 

Hisobotga ko‘ra, 2024-yilda ta’limga ajratilgan xalqaro yordam avvalgi yilga nisbatan 8 foizga, boshlang‘ich ta’limni moliyalashtirish esa 15 foizga qisqargan. Kam va quyi o‘rta daromadli mamlakatlar esa 2023-yilda olgan ta’lim yordami hajmining 21 foizini yo‘qotgan.

 

UNESCO hisob-kitoblariga ko‘ra, kam va quyi o‘rta daromadli mamlakatlarda ta’limni moliyalashtirish bo‘yicha yiliga 97 milliard AQSH dollari miqdorida mablag‘ yetishmaydi.

 

UNESCO bosh direktori Xolid al-Anani ta’lim mamlakatlar uchun eng muhim sarmoya ekanini ta’kidlagan.

 

“Ta’lim — mamlakatlar amalga oshirishi mumkin bo‘lgan eng muhim sarmoyadir. Biroq bugungi kunda ushbu soha tizimli ravishda yetarli darajada moliyalashtirilmayapti”, — dedi.

 

U sohani moliyalashtirish bo‘yicha innovatsion mexanizmlarni kengaytirishga siyosiy qo‘llab-quvvatlash zarurligini bildirgan.