Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro taʼlim standartlarini kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda sohani rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.
Taqdimotda yetakchi xorijiy oliygohlar joylashadigan Toshkent xalqaro universitetlar shaharchasini tashkil etish taklifi muhokama qilindi.
Bunda Qatardagi “Education City”, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubay xalqaro akademik shahri va Koreya Respublikasidagi Inchxon global kampusi tajribasidan foydalanish taklif qilindi.
Universitetlar shaharchasida nufuzli xorijiy oliygohlar filiallarini jalb qilish, kampuslar va talabalar turar joylarini barpo etish, litsenziya talablarini soddalashtirish, grant va stipendiyalar ajratish, bojxona va soliq imtiyozlarini qoʻllash, shuningdek, royalti toʻlovlarining bir qismini qoplab berish boʻyicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Asosiy maqsad Oʻzbekistonni xalqaro taʼlim dasturlari va standartlari keng joriy etilgan, mintaqadagi yetakchi taʼlim markaziga aylantirish ekani taʼkidlandi.
Shuningdek, Xalqaro malakalar va baholash markaziga integratsiyalashgan dasturlarni nufuzli TOP-100 oliygohlar akademik talablariga moslashtirish, ular bilan “1+3” va “2+2” shaklidagi dasturlarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Markaz huzurida xorijiy ekspertlardan iborat doimiy ishchi guruh tashkil etilib, ishchi guruh 2027-yil yakuniga qadar yetakchi xorijiy oliygohlar diplomini beradigan kamida ikkita taʼlim dasturlari markazini tashkil etadi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasining stipendiya dasturini ham yangi tizimga moslashtirish taklif qilindi. Endilikda dastur Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi va boshqa mahalliy oliygohlardagi integratsiyalashgan taʼlim yoʻnalishlarini ham qamrab oladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev takliflarni maʼqullab, integratsiyalashgan taʼlim dasturlarini bosqichma-bosqich kengaytirish, ularning sifatini xalqaro talablarga muvofiq taʼminlash, nufuzli xorijiy universitetlar bilan uzoq muddatli akademik hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

