Oliy malaka toifasiga ega umumta’lim maktabi o‘qituvchilari uchun maqsadli magistraturaga hujjat topshirish boshlandi. Quyida qabul jarayonida kimlar ishtirok etishi, qanday hujjatlar talab etilishi va o‘qish qanday tashkil etilishi bo‘yicha muhim ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.
Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan oliy malaka toifasiga ega pedagoglar uchun pedagogika yo‘nalishidagi maqsadli magistraturada masofaviy ta’lim olish tizimi joriy etilgan edi.
Ayni paytda mazkur yo‘nalish bo‘yicha hujjatlar qabuli boshlandi. Arizalar 10-iyuldan 10-avgustga qadar magistr.edu.uz hamda myedu.uz platformalari orqali qabul qilinadi.
Qabul jarayoniga oid eng muhim savollarga javoblar:
— Maqsadli magistraturada maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachilari ham tahsil olishi mumkinmi?
Mazkur tizim faqat umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan oliy malaka toifasiga ega pedagoglar uchun joriy etilgan. Darslar Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida 2026-2027-o‘quv yilidan boshlanadi.
— O‘qish qanday tashkil etiladi?
O‘quv jarayoni masofaviy shaklda olib boriladi. Bunda pedagoglar ishdan ajralmagan holda o‘qishini davom ettiradi.
— Hujjat topshirish uchun nimalar talab etiladi?
Nomzodlardan magistraturaga qabul qilish tartibiga muvofiq bakalavr diplomi, chet tilini bilish sertifikati hamda oliy malaka toifasini tasdiqlovchi sertifikat talab etiladi.
— Qaysi yo‘nalishlarda tahsil olish mumkin?
Maqsadli magistratura doirasida 18 dan ortiq pedagogika mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olish imkoniyati yaratilgan.
— Ushbu tizim keyingi yillarda ham davom etadimi?
Mazkur tizim doimiy yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Dastur oliy toifali pedagoglarga ishdan ajralmagan holda magistratura bosqichida tahsil olish imkoniyatini yaratishga qaratilgan bo‘lib, kelgusi o‘quv yillarida ham davom ettirilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, maqsadli magistraturaga qabul qilingan pedagoglar o‘qishni tamomlagach, uch yil davomida umumiy oʻrta taʼlim tashkilotida (maktabda) ishlab berish majburiyatini oladi.
Shuningdek, ushbu maqsadli magistraturaga kontrakt asosida qabul qilingan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakti davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilmaydi.
