Davlat oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonida test sinovida toʻplangan ballar va yakuniy tanlov natijalarini eʼlon qilish muddatlari amaldagi tartib asosida belgilanadi. Test ballari imtihondan keyingi kuni, yakuniy tanlov natijalari esa ikkinchi bosqich yakunlangach bir hafta ichida eʼlon qilinadi.
Davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga qabul boʻyicha amaldagi tartibga koʻra, abituriyentlarning test sinovida toʻplagan ballari test oʻtkazilgan kunning ertasiga eʼlon qilinadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.
Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan belgilangan.
Unga koʻra, test natijalari eʼlon qilingach, abituriyentlar oʻzlari toʻplagan ball bilan tanishishi mumkin boʻladi. Biroq ushbu natijalar talabalikka tavsiya etilganini anglatmaydi.
Yakuniy tanlov natijalari roʻyxatdan oʻtishning ikkinchi bosqichi toʻliq yakunlangandan keyin eʼlon qilinadi. Mazkur bosqichda abituriyentlar oliy taʼlim muassasasi, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, taʼlim shakli hamda tanlov ustuvorligini belgilaydi.
Shundan soʻng abituriyentning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani boʻyicha yakuniy tanlov natijalari bir hafta muddat ichida Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Avvalroq, abituriyentlar imtihon hududiga necha soat oldin yetib kelishi kerakligi haqida xabar bergan edik.
