AI yo‘nalishidagi innovatsion loyihalar uchun “President AI Award” tanlovlariga arizalar qabuli boshlandi

AI yo‘nalishidagi innovatsion loyihalar uchun “President AI Award” tanlovlariga arizalar qabuli boshlandi

Startaplar uchun 6 million AQSH dollari miqdoridagi qo‘llab-quvvatlash dasturlari e’lon qilindi. Avvalroq, mazkur tanlovni o‘tkazish tartibi tasdiqlangan edi.

 

2026-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekistondagi texnologik startaplar uchun “President Tech Award” hamda sun’iy intellekt yo‘nalishidagi innovatsion loyihalar uchun “President AI Award” tanlovlariga arizalar qabuli boshlandi.

 

“President Tech Award” tanlovining umumiy mukofot va investitsiya jamg‘armasi 5 million AQSH dollarini tashkil etadi. Mazkur tanlov doirasida 70 tagacha startap jamoasini qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.

 

Shuningdek, sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni ishlab chiquvchi startaplar uchun “President AI Award” tanlovi tashkil etilgan bo‘lib, loyihalar quyidagi 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha qabul qilinadi:

 

  • davlat boshqaruvi;
  • sanoat va biznes;
  • sog‘liqni saqlash;
  • ta’lim;
  • yashil iqtisodiyot va agrotexnologiyalar.

 

Tanlovda 18 yoshdan katta ishtirokchilardan iborat 3–8 kishilik jamoalar qatnashishi mumkin. Unda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan bir qatorda mamlakat hududida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham ishtirok etish huquqiga ega.

 

“President AI Award” tanlovining umumiy investitsiya jamg‘armasi 1 million AQSH dollarini tashkil etadi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha 3 tadan g‘olib loyiha aniqlanib, jami 15 ta startap investitsiya jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Tanlovlarda ishtirok etish istagida bo‘lgan jamoalar arizalarini awards.gov.uz platformasi orqali topshirishlari mumkin.

 

Avvalroq, Prezidenti sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovini oʻtkazish tartibi tasdiqlangani haqida xabar berilgan edi.