Toshkentdagi universitetlarning biriga oʻqishga kiritib qoʻyaman degan shaxs qoʻlga olindi

Toshkentdagi universitetlarning biriga oʻqishga kiritib qoʻyaman degan shaxs qoʻlga olindi

Toshkentdagi universitetlarning biriga o‘qishga kiritib qo‘yaman degan shaxs 5000 AQSH dollar pul olgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga bir fuqaro Toshkent kimyo-texnologiya institutida mas’ul lavozimda ishlovchi shaxs o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga oldindan 5000 AQSH dollar talab qilayotgani, unga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab, murojaat qilgan.

 

Murojaatga asosan Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tezkor qidiruv xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi jabrlanuvchidan 5000 AQSH dollar miqdoridagi pullarni olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi.

 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168- va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

«Hurmatli yurtdoshlar, oliygohlarga hech kim pul evaziga kirgazib qo‘ya olmaydi. Agar kimdir sizdan pul talab qilsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling. Xavfsiz va sog‘lom yurt oyligi doirasida bu kabi tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda», – deyiladi boshqarma xabarida.