Avstraliya hukumati bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha qabul qilingan qonunni yanada qat’iylashtirishini ma’lum qildi. Endilikda ushbu talablarni bajarmagan texnologik kompaniyalarga nisbatan qo‘llaniladigan eng yuqori jarima 49,5 million Avstraliya dollaridan 99 million Avstraliya dollarigacha (taxminan 68 million AQSH dollari) oshiriladi.
Shuningdek, mamlakatning eSafety (Internet xavfsizligi) komissariga qo‘shimcha vakolatlar beriladi. U ijtimoiy tarmoq kompaniyalaridan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning akkaunt ochishini oldini olish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilgani haqida rasmiy ma’lumot va dalillarni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Ayrim platformalar qonunga to‘liq amal qilmayapti
Avstraliya hukumati hozirda quyidagi 5 ta platforma qonunga qay darajada rioya qilayotganini tekshirmoqda:
- YouTube
- Snapchat
- TikTok
Bosh vazir: “Katta texnologik kompaniyalar yetarlicha harakat qilmayapti”
Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albanizining ta’kidlashicha, dunyoning ko‘plab davlatlari Avstraliyaning tajribasiga qiziqmoqda. Biroq texnologik kompaniyalar qonun talablarini to‘liq bajarmayapti.
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun minimal yosh joriy etilgandan beri bu masala bo‘yicha dunyoda katta qiziqish uyg‘ondi. Ammo yirik texnologik kompaniyalar qonunga rioya qilish uchun yetarli ish qilmayapti. Hali ham juda ko‘p bolalar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqda, — dedi bosh vazir.
Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, qonun kuchga kirganidan buyon 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tegishli 5 milliondan ortiq akkaunt o‘chirib tashlangan yoki cheklangan.
Taqiq kutilgan natijani bermayapti
Shunga qaramay, so‘nggi tadqiqotlar taqiqning samarasi unchalik yuqori emasligini ko‘rsatmoqda.
British Medical Journal jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, 12–15 yoshdagi avstraliyalik o‘smirlarning 85 foizi taqiq joriy etilganidan 3 oy o‘tib ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda davom etgan.
Voyaga yetmagan foydalanuvchilarning qariyb uchdan ikki qismi platformalarda yoshini 16 yoshdan katta deb ko‘rsatish yoki selfi orqali yoshni tasdiqlash tizimini aldash orqali cheklovni chetlab o‘tgan.
Tadqiqotlar shuni ham ko‘rsatdiki, ayrim platformalarda foydalanuvchilardan umuman yoshini tasdiqlash ham so‘ralmagan.
Mutaxassislar: Muammo texnologiyada emas
Joriy yil aprel oyida texnologiya sohasidagi sanoat uyushmasi muammo yoshni aniqlash texnologiyalarida emas, balki ijtimoiy tarmoqlarning mavjud vositalardan yetarli darajada foydalanmayotganida ekanini ta’kidladi.
Aloqa vaziri Anika Uellsning aytishicha, hukumatga taqdim etilayotgan hisobotlar ayrim platformalar qonunni faqat rasmiyatchilik uchun bajarayotganini ko‘rsatmoqda.
Menga eSafety komissari muntazam ravishda taqdim etayotgan ma’lumotlarga qaraganda, ayrim platformalar yirik texnologik kompaniyalarga xos usullar bilan qonunni chetlab o‘tishga urinmoqda va faqat eng zarur darajadagi ishlarni amalga oshirmoqda, — dedi vazir.
Nazorat yanada kuchaytiriladi
Qonunga kiritiladigan o‘zgartirishlarga ko‘ra, eSafety komissari nafaqat ijtimoiy tarmoqlardan, balki yoshni tasdiqlash xizmatlari va mobil ilovalar do‘konlari kabi uchinchi tomon tashkilotlaridan ham ma’lumot talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bu platformalar taqdim etayotgan ma’lumotlarning qanchalik ishonchli ekanini tekshirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, Reddit kompaniyasi mazkur qonunni so‘z erkinligiga zid deb hisoblab, uni bekor qilish talabi bilan Avstraliya Oliy sudiga murojaat qilgan. Hukumat esa sudda ushbu qonunni himoya qilishini ma’lum qilgan.
Avstraliya hukumati 2025-yil 10-dekabrdan boshlab, ijtimoiy tarmoqlardan 16 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning akkaunt yaratishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yoshga oid cheklovlar joriy etishini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur davlat ijtimoiy tarmoqlarga yosh cheklovi bo‘yicha taqiqni qo‘ygan birinchi davlat hisoblanadi.
