Avvalroq Toshkentdagi xususiy bogʻchada tarbiyachining bolalarga nisbatan zoʻravonlik qilgani aks etgan video yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ishchi guruh tuzilganini maʼlum qilgandi. Shundan so‘ng, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganini bildirdi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi Rayyona kids nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi tomonidan tarbiyalanuvchiga nisbatan oʻta qoʻpol munosabatda boʻlingani aks etgan video tarqalgani haqida xabar bergan edik.
Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ishchi guruh tuzilganini, voqea nazoratga olinganini hamda mas’ullarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan edi.
Endi mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ham rasmiy munosabat berdi.
Qayd etilishicha, Uchtepa tumanidagi nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalaridan birida tarbiyachi boʻlib ishlovchi, 1990-yilda tugʻilgan A.G. muntazam ravishda tarbiyalanuvchilarga nisbatan kuch ishlatib, ularni qiynab kelgani aniqlangan.
Hozirda ayrim tarbiyalanuvchilarning olgan tan jarohatlari yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Shuningdek, nodavlat taʼlim muassasasi faoliyati yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (“Qiynash”) alomatlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
