Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bo‘lib o‘tayotgan yoshlar bilan muloqotida ish beruvchilar va xorijda o‘qiyotgan talabalarni bir-biri bilan bog‘laydigan raqamli muloqot platformasi ishga tushirilishi haqida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, hozirda 14 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlarimiz AQSh, Yevropa, Yaponiya, Xitoy, Koreyaning yetakchi oliygohlarida ta’lim olmoqda.
Bunday yoshlar ta’tilda yurtimizdagi vazirlik, hokimlik, davlat va xususiy kompaniyalarda amaliyot va stajirovka o‘tashi uchun sharoit yaratiladi.
Buning uchun bir oyda ish beruvchilar va xorijda o‘qiyotgan talabalarni bir-biri bilan bog‘laydigan raqamli muloqot platformasi ishga tushiriladi.
Shuningdek, “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan har yili 700 ga yaqin o‘g‘il-qizlarimiz dunyoning top oliygohlariga yuborilmoqda.
“Biz islohotlarimizning ilk bosqichida iqtidorli yoshlarimizni asosan davlat tashkilotlarida ishlab berish sharti bilan chet elda o‘qishga yubordik.
Xususiy sektorda ham bunday kadrlarga ehtiyoj kundan-kunga ortib boryapti.
Endi yoshlarimiz xususiy sektor buyurtmasi asosida ham “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qishi mumkin bo‘ladi”, – dedi Prezident.
Avvalroq, “ustoz-talaba” dasturi asosida yoshlarni oliygohga kirishiga ko‘maklashgan talabalarga stipendiya olishda ustuvorlik berilishi haqida xabar berilgandi.
