Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda kasb-hunar taʼlimini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni eʼlon qildi. Endilikda yoshlarga foizsiz “kasb vaucheri” beriladi, ehtiyojmand oilalardagi ishsiz yoshlar bepul kasb oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladi, shuningdek, xalqaro kasb sertifikatini olganlarning xarajatlari ham qoplab beriladi.
Xabar berganimizdek, bugun, 30-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazmoqda.
Uchrashuvda maʼlum qilinishicha, endilikda qoʻlida kasbi boʻlib, xalqaro talablar asosida yangi koʻnikmalarni egallamoqchi boʻlgan yoshlarga “kasb vaucheri”ni berish yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu “kasb vaucheri” foizsiz ssuda shaklida boʻlib, har yili 50 ming nafar yoshning zamonaviy kasblarni oʻrganish xarajatlari qoplab beriladi.
Shuningdek, ehtiyojmand oilalardagi 85 ming ishsiz yoshlar xususiy oʻquv markazida kasb egallashi uchun bepul “vaucher” taqdim etiladi.
Shu yilning oʻzida “kasb vaucheri” va bepul “vaucher” tizimi uchun 120 milliard soʻm ajratiladi. Talab boʻlsa, ushbu mablagʻ koʻpaytirib boriladi.
Taʼkidlanganidek, xorijiy tilni puxta oʻrganib, yuqori natija bilan sertifikat olgan yoshlarga bu xarajatini qoplash tizimi oʻzini oqladi. Prezidentimiz buni xalqaro kasb sertifikatini olganlarga ham tatbiq qilishni taklif etdi.
Shu bilan bvirga, yoshlarga kasb oʻrgatishning eng muhim boʻgʻini boʻlgan texnikumlarda xususiy sektor ishtiroki yanada kengaytiriladi.
Buning uchun texnikum ochishdagi litsenziya sharti soddalashtirilib, 20 dan ortiq talab bekor qilinadi. Yangi oʻquv yilidan xususiy texnikumlarga ham kasbga oʻqitish boʻyicha davlat granti beriladi.
Yana bir yangilik – xalqaro kasb tanlovlarida gʻolib boʻlgan davlat va xususiy texnikum oʻquvchilari 100 million soʻmdan, ularni tayyorlagan ustozlari 50 million soʻmdan mukofot oladi.
