Ertaga magistratura mutaxassisliklariga hujjatlar qabuli boshlanadi

Ertaga magistratura mutaxassisliklariga hujjatlar qabuli boshlanadi

Ertaga, 1-iyuldan boshlab 2026/2027-o‘quv yili uchun magistratura mutaxassisliklariga qabul boshlanadi. Qabul jarayonlari 30-iyulga qadar (shu kuni ham) my.edu.uz platformasi orqali amalga oshiriladi.

 

Magistratura mutaxassisliklariga qabul har yili 1-iyuldan 30-iyulgacha (shu kuni ham) davom etadi. Talabgorlar my.edu.uz platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tib, hujjat topshirishlari mumkin.

 

Amaldagi tartibga ko‘ra, magistratura bosqichiga hujjat topshirishda quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat (diplom) yoki diplomdan ko‘chirma hamda uning ilovasi;
  • xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikat.

 

Shu bilan birga, ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘yicha I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar magistraturaga qabul qilinishda xorijiy til sertifikatini taqdim etishi shart emas.

 

Magistratura qabulida xorijiy til sertifikati darajasi yo‘nalishga qarab B1, B2 yoki C1 etib belgilangan hamda ayrim toifadagi abituriyentlarga imtiyozlar qo‘llaniladi.

 

Magistratura bosqichi uchun qaysi yo‘nalishlarga qaysi darajadagi sertifikat talab etilishi haqida batafsil ma’lumot bilan mazkur havola orqali tanishish mumkin.

 

Bundan tashqari, College Board tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan SAT xalqaro imtihonida eng yuqori ballning 75 foizi — 1200 ball va undan yuqori natija qayd etgan hamda tamomlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos va turdosh magistratura mutaxassisliklariga hujjat topshirayotgan talabgorlar qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

 

Ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lgan talabgorlar SAT sertifikatlarini albatta elektron tarzda, maxsus DI kod orqali Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuborishlari shart.

 

Faqat DI kod orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborilgan sertifikatlar qabul jarayonida haqiqiy hisoblanadi. Sertifikatni qo‘lda yuklash yoki skrinshotlarini taqdim etish qabul qilinmaydi.

 

Magistraturaga davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida qabul abituriyentlarning bakalavriat diplomi bo‘yicha o‘rtacha ballari ketma-ketligiga ko‘ra amalga oshiriladi.

 

Qo‘shimcha ma’lumotlar bilan bu yerda tanishishingiz mumkin

 

Ma’lumot uchun, tartib bo‘yicha 1-iyuldan 30-iyulga qadar (shu kuni ham) ro‘yxatdan o‘tish mumkinligi belgilangan. Ammo o‘tgan yili kvota tasdiqlanmagani sabab qabul jarayoni 7-iyuldan boshlangan edi.