Braziliyada 100 mingdan ortiq davlat maktabi bepul va sifatli internet tarmog‘iga ulandi. Loyiha Ta’lim va Aloqa vazirliklari tomonidan mahalliy hokimiyatlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu haqda Agência Brasil xabar berdi.
Qayd etilishicha, Braziliyada 100 720 ta davlat maktabi bepul va sifatli internet tarmog‘iga ulandi. Mamlakat hukumati 2026-yil oxirigacha internetni barcha 138 mingta davlat maktabiga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda davlat maktablarining atigi 45,4 foizi sifatli internetdan foydalangan. Bu ko‘rsatkich 2024-yil oxirida 57,3 foizga, 2025-yil yakunida 69,7 foizga, 2026-yil aprelida esa 72,9 foizga yetgan.
Braziliya aloqa vaziri Frederiko de Sikeyra Filyuning aytishicha, bu natijaga 2023-yildan boshlab internet infratuzilmasini modernizatsiya qilish hisobiga erishilgan. Uning ta’kidlashicha, sifatli internet o‘quvchilarga bilim olish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va kelajakda yaxshi kasb egallash uchun keng imkoniyat yaratadi.
“100 mingdan ortiq maktabning bepul internet bilan ta’minlangani Braziliya ta’limi va raqamli rivojlanishi uchun muhim tarixiy qadamdir. Bu hukumatning uzoq muddatli sa’y-harakatlari samarasidir. Bu tashabbus tufayli o‘quvchilar ko‘proq bilim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi va kelajakda mehnat bozorida muvaffaqiyat qozonishi uchun yangi eshiklar ochiladi”, — degan vazir.
Sinf xonalarida ham yuqori tezlikdagi Wi-Fi bo‘ladi
Dastur faqat maktablarni internetga ulash bilan cheklanmaydi. Unda sinf xonalarida barqaror va yuqori tezlikdagi Wi-Fi tarmoqlarini o‘rnatish ham ko‘zda tutilgan.
Bu orqali o‘quvchilar raqamli ta’lim platformalari, onlayn darslar va zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan kengroq foydalanishi, o‘qituvchilar esa malaka oshirish dasturlarida faol ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Braziliya ta’lim vaziri Leonardu Barchinining ta’kidlashicha, loyiha mamlakatdagi barcha davlat maktablari o‘quvchilari uchun teng ta’lim imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan.
“Milliy ulangan maktablar strategiyasi barcha davlat maktablarini sifatli internet bilan ta’minlash va texnologiyalardan ta’lim jarayonida samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan”, — dedi ta’lim vaziri.
Eng katta o‘sish shimoliy hududlarda kuzatildi
Internet qamrovi bo‘yicha eng katta o‘sish Braziliyaning shimoliy hududlarida qayd etildi. Avvallari logistika muammolari sabab bu hududlarda internet tarmog‘ini rivojlantirish ancha murakkab bo‘lgan.
2023-yil dekabrida hududdagi maktablarning atigi 23,6 foizi sifatli internetga ega edi.
- 2024-yilda bu ko‘rsatkich 36,7 foizga,
- 2025-yilda 60,5 foizga,
- 2026-yil aprelida esa 64,3 foizga yetdi.
Loyiha Braziliya Ta’lim va Aloqa vazirliklari hamkorligida Maktablar aloqasini boshqaruvchi tashkilot (EACE) tomonidan amalga oshirilmoqda.
