Abituriyentlar ruxsatnomasi qachon e’lon qilinadi?

Abituriyentlar ruxsatnomasi qachon e’lon qilinadi?

Abituriyentlarga test sinovlarida ishtirok etish uchun asosiy hujjat hisoblangan “Abituriyent ruxsatnomasi” iyul oyining boshlarida my.uzbmb.uz platformasidagi shaxsiy kabinetlar orqali e’lon qilinadi. O‘tgan yilda ruxsatnomalar 7-iyuldan boshlab berilgan bo‘lib, joriy yilda ham shu muddat atrofida e’lon qilinishi kutilmoqda.

 

O‘tgan yili 7-iyul kuni oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi”ni berish boshlangan edi.

 

Kasbiy (ijodiy) imtihon topshiradigan abituriyentlar uchun ruxsatnomalar esa 4-iyul sanasida taqdim etilgan.

 

Joriy yilda ham ruxsatnomalar taxminan shu davr oralig’ida e’lon qilinishi kutilmoqda.

 

Shuningdek, 5 ta fandan sertifikatga ega bo‘lgan va muddatidan avval 189 ball to‘plagan abituriyentlarga ruxsatnoma berilmaydi.

 

Ular ikkinchi bosqichda 5 tagacha ta’lim yo‘nalishini tanlash jarayonida ishtirok etadi.

 

Ma’lumot uchun, abituriyent ruxsatnomasi test sinovlarida ishtirok etish huquqini beruvchi asosiy hujjat hisoblanadi.

 

Unda abituriyentning shaxsiy ma’lumotlari, test topshiriladigan fanlar majmuasi, imtihon o‘tkaziladigan sanasi, vaqti hamda manzili aks ettiriladi.

 

Ruxsatnomasiz test sinovida ishtirok etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Abituriyentlar ruxsatnoma e’lon qilingach, uni shaxsiy kabinetdan yuklab olishlari va belgilangan vaqtdan kamida bir soat oldin imtihon joyiga yetib borishlari tavsiya etiladi.

 

Ta’kidlash joizki, Prezidentning PF-81-son Farmoniga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq amalga oshiriladi.

 

Hozirda birinchi bosqichning test sinovlari uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayoni yakunlangan. Test imtihonlari o‘tkazilgach, ikkinchi bosqich boshlanadi.

 

Ikkinchi bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari toʻliq yakunlanganidan soʻng 15 kun davomida my.uzbmb.uz sayti orqali quyidagilarni tanlaydi:

 

— oliy taʼlim muassasasi;

 

— bakalavriat taʼlim yoʻnalishi;

 

— taʼlim shakli;

 

— tanlov ustuvorligi.

 

Abituriyent test sinovida toʻplagan ballarini imtihon oʻtkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining 2-bosqichi toʻliq yakunlangandan keyin bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

 

Texnikumlarda oʻqish istagini bildirgan abituriyentlar esa oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi eʼlon qilinganidan soʻng 10 kun muddatda quyidagilarni tanlaydi:

 

— texnikum;

 

— kasb va mutaxassislik;

 

— taʼlim shakli.

 

Natija bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

 

Eslatib o‘tamiz, abituriyentlar @mandat_javobbot yordamida OTMlar, ta’lim yo‘nalishlari va o‘tish ballari bilan tanishishlari mumkin.

 

Shuningdek, @sinovtestuz_bot orqali diagnostik testlarni ishlab, o‘z bilimlarini bepul sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega.