Indoneziyada voyaga yetmaganlarni internetdagi xavflardan himoya qilishga qaratilgan yangi tartib kuchga kirishi ortidan TikTok va YouTube 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarga tegishli qariyb 4,7 million akkauntni o‘chirib tashladi. Hukumat endilikda boshqa ijtimoiy tarmoqlardan ham xuddi shunday choralarni kutmoqda.
Indoneziyada TikTok va YouTube platformalari 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga tegishli jami 4,7 millionga yaqin akkauntni o‘chirib tashladi. Bu haqda mamlakatning Aloqa va raqamli texnologiyalar vaziri Meutya Hafid ma’lum qilgan.
Vazirning aytishicha, TikTok 4,1 million, YouTube esa 600 mingga yaqin akkauntni o‘chirgan. Mazkur choralar Indoneziyada joriy yil mart oyida qabul qilingan yangi tartib ijrosi doirasida amalga oshirilgan.
Unga ko‘ra, hukumat «yuqori xavfli platformalar» deb baholagan ijtimoiy tarmoqlar va onlayn xizmatlar 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarning akkauntlarini aniqlab, ularni o‘chirishi yoki faoliyatini cheklashi lozim.
Hozircha ushbu talab TikTok, YouTube, X (sobiq Twitter), Instagram hamda Roblox platformalariga nisbatan qo‘llanilmoqda. Hukumat yaqin vaqt ichida boshqa platformalar ham ushbu talablarni bajarishini kutayotganini bildirgan.
Meutya Hafidning ta’kidlashicha, hukumatning maqsadi faqat bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklash emas.
«Biz faqat bolalarning platformalarga kirishini cheklashni emas, balki ijtimoiy tarmoqlarning bu boradagi yondashuvini ham o‘zgartirishni istaymiz», — dedi vazir.
Hozirda Indoneziya Aloqa va raqamli texnologiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlar tomonidan taqdim etilgan hisobotlarni o‘rganmoqda. Ular yangi qoidalarga qay darajada rioya qilinayotgani yuzasidan tekshiruv olib bormoqda.
Mazkur cheklovlar bolalarni kiberbulling, zararli kontent va ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik xavfidan himoya qilish maqsadida joriy etilgan. Hukumat fikricha, voyaga yetmaganlarning ruhiy va jismoniy salomatligini asrash uchun platformalar ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi lozim.
Qayd etilishicha, Indoneziya bu borada 2025-yilda voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rgan Avstraliya tajribasidan ilhomlangan.
Hozir dunyoning yana bir qator davlatlari ham bolalarning internetdagi xavfsizligini ta’minlash maqsadida shunga o‘xshash qonunchilik tashabbuslarini ko‘rib chiqmoqda.
Avvalroq, BAAda ham 15 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklanganligi haqida xabar bergan edik.
