Yaponiyaning shimoli-sharqiy hududida sodir bo‘lgan 7,2 magnitudali zilzila oqibatida 114 ta boshlang‘ich va o‘rta maktab vaqtincha yopildi. Ta’lim muassasalarida binolarning texnik holati tekshirilmoqda, o‘quvchilar va xodimlar orasida jabrlanganlar qayd etilmagan.
Yaponiyaning Xonsyu orolining shimoli-sharqida 25-iyun kuni sodir bo‘lgan 7,2 magnitudali zilzila mamlakat ta’lim tizimi faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Rossiyaning TASS axborot agentligi xabariga ko‘ra, tabiiy ofatdan so‘ng Aomori va Ivate prefekturalaridagi jami 114 ta boshlang‘ich va o‘rta maktab vaqtincha yopilgan.
Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi ma’lum qilishicha, ta’lim muassasalarida binolarning xavfsizligi to‘liq tekshirilmaguncha darslar tiklanmaydi. Hozirda mutaxassislar maktab binolarini ko‘zdan kechirib, devor va poydevorlarda yoriqlar mavjud yoki yo‘qligini aniqlamoqda. Shuningdek, zilzila oqibatida sinfxonalar, laboratoriyalar hamda boshqa xonalardagi jihoz va mebellarga yetgan ehtimoliy zarar baholanmoqda.
Tekshiruvlar bilan bir qatorda, maktab binolarini tozalash va o‘quv jarayonini xavfsiz tarzda qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari ham olib borilmoqda. Vazirlikka ko‘ra, tabiiy ofat kuzatilgan hududdagi maktablarda o‘quvchilar yoki pedagoglar orasida jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan.
Yaponiya Meteorologiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, zilzila mamlakatning shimoli-sharqiy hududlarida kuchli sezilgan. Dastlab Tinch okeani sohillarining ayrim qismlari uchun sunami xavfi e’lon qilingan, biroq vaziyat barqarorlashgach, ogohlantirish bekor qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida 11 kishi turli darajada tan jarohati olgan, 100 ga yaqin bino shikastlangan. Shu bilan birga, atom elektr stansiyalarida favqulodda holatlar qayd etilmagan va ular odatiy rejimda ishlashda davom etmoqda.
Yaponiya dunyodagi seysmik faolligi eng yuqori davlatlardan biri hisoblanadi. Shu sababli mamlakat maktablarida favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik bo‘yicha muntazam mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Kuchli zilzilalar sodir bo‘lganida esa o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida darslarni vaqtincha to‘xtatish va binolarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish amaliyoti qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, Fransiyada kuzatilayotgan rekord darajadagi issiq havo sababli bo‘ylab 845 ta maktab vaqtincha yopilgan edi. Shuningdek, qariyb 1 800 ta ta’lim muassasasida darslar muddatidan oldin yakunlangan.
