Ikkita fandan A, ingliz tilidan B2 va SAT 1230: qashqadaryolik 11-sinf oʻquvchi muddatidan oldin talabalikka erishdi

Ikkita fandan A, ingliz tilidan B2 va SAT 1230: qashqadaryolik 11-sinf oʻquvchi muddatidan oldin talabalikka erishdi

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 22-maktabning 11-sinf oʻquvchisi Tojiyev Muhammadjon bir nechta fanlardan milliy va xorijiy sertifikatlarni olib, muddatidan oldin maksimal 189 ball bilan talabalikni naqd qildi.

 

Muhammadjon matematika va tarix fanlaridan milliy sertifikatda A daraja bilan 100% natija, ingliz tilidan B2, SATʼdan 1230 ball hamda ona tilidan B+ darajali sertifikatlarni qoʻlga kiritgan. U Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida oʻqishni niyat qilgan.

 

Oʻquvchining soʻzlariga koʻra, uning yaxshi natijalari ortida ota-onasining duolari, ustozlarining fidokorona mehnati va oʻz ustida tinimsiz ishlagani turibdi.

 

“Sinf rahbari Manzura Ahmatovaning talabchanligi va samimiy yondashuvi menga katta motivatsiya bergan. Birinchi oʻqituvchim Kumush Ergasheva esa oʻquvchilar qalbida unutilmas iz qoldirgan ustozlardan biridir”, — deydi oʻquvchi.

 

Muhammadjonning taʼkidlashicha, u uchun tanlagan fanlar orasida matematika eng murakkab fan boʻlgan. Chunki bu fan sabr, mantiqiy fikrlash va muntazam mehnatni talab qiladi. Qiyinchiliklarga qaramay, aynan shu jarayon uni chiniqtirgani va oʻziga boʻlgan ishonchni oshirganini aytib oʻtdi. Eng sevimli fani esa ona tili boʻlib, kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishi uni oson oʻzlashtirishiga yordam bergan.

 

“Sertifikatlarga tayyorlanish davomida turli qiyinchiliklarga duch kelganman. Baʼzan natijalar kutganimdek boʻlmagan, lekin hech qachon toʻxtamaganman. Men muvaffaqiyatning siri uzoq vaqt oʻqishda emas, balki tartibli va izchil mehnatda deb bilaman”, — deydi Muhammadjon.

 

U tengdoshlariga vaqtni qadrlashni, oʻzlariga ishonish va harakatdan hech qachon toʻxtamaslikni tavsiya qildi.

 

“Chunki bugungi mehnat ertangi muvaffaqiyatning kalitidir”, — deb suhbatni yakunladi Muhammadjon.